Babayan «tanka»si kimligi, milliy jamoada o‘z futbolchilarini o‘ynatgani va shartnomalar bo‘yicha ayblovlarga javob berdi

Sport 19:30 / 24.06.2019 58631

«Lokomotiv» bosh murabbiyi Samvel Babayan ushbu lavozimga tayinlangani munosabati bilan tashkil etilgan matbuot anjumanida jurnalistlarning turli mavzulardagi savollariga javob berdi.

Bir soatdan oshiqroq davom etgan anjuman tafsilotlarini Tribuna.uz muxbiri keltirib o‘tadi.

– «Lokomotiv» – siz uchun jonajon klub «Paxtakor»ning prinsipial raqibi...

– Bu klubga kelishimga salbiy bo‘yoq bermoqchi bo‘lganlar mening o‘tmishdagi kareramdan foydalanishmoqda. Menga «Paxtakor» emas, «Lokomotiv» taklif bilan chiqdi. Lekin tomirlarimda «Paxtakor» qoni oqmoqda, menda «Paxtakor» DNKsi bor. Hayotimning 15 yilini shu klubga bag‘ishlaganman.

Barcha murabbiylarda ham bunday davr bo‘ladi – ishlashga, taklifni qabul qilishga to‘g‘ri keladi. Men «Lokomotiv» prezidenti bilan suhbatlashdim, ularga kerakligimni bildim. Ularning taklifi bilan shu yerdaman. Menga ishonishlarini, klubda ishlar professional yo‘lga qo‘yilishini istashlarini ko‘rib turibman.

– «Lokomotiv»ga bosh murabbiy bo‘lishingiz haqida gap-so‘zlar tarqalganda futbolchilar biz Andrey Fyodorov uchun o‘ynaymiz, deyishayotgani ma'lum bo‘lgandi. Tarkibda sizga qarama-qarshi bo‘lgan futbolchilar ham bor. Masalan, Temurxo‘ja Abduxoliqov...

– Temurxo‘jani men «Bunyodkor» o‘rinbosarlari tarkibidan chaqirganman, u «Paxtakor»da o‘zini ko‘rsata olgan. U bilan munosabatimiz yomon, degan gapni qayerdan oldingiz? Ha, u raqobatda o‘ynagan. Lekin hozir raqobatdan xoli ekani yaxshi emas. Bu uning o‘sishi uchun ham yomon. Sportchi raqobat bor joyda o‘sib boradi.

Qolgan futbolchilarga kelsak, besh daqiqa ichida ulardan nima xohlashimni tushuntirib berdim. Tabiiy ravishda har bir futbolchida xavotir bo‘ladi, yangi murabbiyga men kerakmanmi-yo‘qmi degan. Hozir men uchun jahondagi eng yaxshi futbolchilar – «Lokomotiv» bilan shartnomasi bor futbolchilardir.

– «Lokomotiv»ga sizni aynan kim taklif qildi?

– Klub prezidenti Rajabov Mansur Qo‘chqorovich. Dastavval kelishuvimiz boshqacha edi, mening oldimga boshqa vazifalar qo‘yilgandi. Klub infrastrukturasini shakllantirish, klubni yangi taraqqiyot bosqichiga olib chiqish, akademiya, fan-klub, o‘rinbosarlar – bularning hammasini yanada professional darajaga chiqarish, ularni yagona falsafa ostida birlashtirish vazifasi yuklatilgandi.

Jamoa Chempionlar ligasida guruhdan chiqa olmagach, klub prezidenti meni bosh murabbiy lavozimiga taklif qildi. Aytishim kerakki, men birinchi taklifni rad etdim. Chunki avvalgi murabbiylar shtabiga vaziyatni o‘nglash uchun imkon berish kerak, deb hisobladim.

– O‘zingizni menejyer sifatida yaxshiroq mutaxassis deb hisoblaysizmi yoki murabbiy sifatida?

– Ushbu ikki lavozimni bir-biridan ajratib bo‘lmaydi. 2014 yilda federatsiya mening iltimosim bilan menejyer tushunchasini kiritgan edi. Menejyer klubdagi vaziyatni murabbiy boshqarmayotganida, umuman o‘rinbosarlar qanday o‘ynayotgani, akademiya qanday rivojlanayotgani, fan-klub qanday takomillashib borayotganiga murabbiy befarq bo‘lganida kerak. O‘zbek futboli shu tomondan oqsamoqda.

O‘zini faqat asosiy jamoa bilan cheklab, klubning qolgan ishlariga befarq  murabbiylar futbolimizni rivojlantira olmaydi.

– O‘zbek klublarining Osiyo chempionlar ligasidagi natijalari tobora yomonlashib boryapti. Oxirgi uch yilda O‘zbekistonning birorta ham klubi pley-offga chiqa olmadi. Bu to‘g‘rida mutaxassis sifatida nima deya olasiz?

– Bu, albatta, futbolimiz uchun unchalik ham yaxshi statistika emas. Lekin bu yil «Paxtakor»da ham, «Lokomotiv»da ham guruhdan chiqish imkoniyati bor edi. Klublarimiz OChLda sharmanda bo‘lishgani yo‘q.

Ijobiy jihati shundaki, bu klublarimizda milliy jamoaga nomzod futbolchilar asosiy rolni o‘ynashmoqda. Osiyoning boshqa klublarida, masalan Qatar yo Xitoy jamoalarida legionerlar asosiy o‘rin tutishini hisobga olsak, ular ana o‘sha katta maosh to‘lanadigan legionerlarning xizmati bilan pley-offga chiqishmoqda.

Bizda esa kuchli legionerlar yo‘q bo‘lsa-da, buning ijobiy tomonlarini topa olishimiz kerak. Bu muhim xalqaro turnirda o‘z futbolchilarimiz o‘ynab, tajriba orttirishmoqda va ular milliy jamoaga nomzodlardir. Misol uchun, Hamrobekov.

– Demak, «Lokomotiv» 5-turdan keyin guruhda qolib ketgani klub uchun «proval» hisoblanmaydimi?

– Yo‘q, baribir pley-offga yaqin kelgandik. Albatta, o‘z oldiga yuqori maqsadlar qo‘ygan har qanday klub pley-offga chiqib, oldinga qadam tashlashga harakat qiladi. Bu futbolchilar va mamlakat futbolini ko‘tarishda yana ham ko‘proq yordam beradi. Guruhda qolib ketish yaxshi demayapman, ha, bu yomon. Lekin, keling, masalaning ijobiy tomonlarini ham ko‘raylik. Baribir o‘zimizning futbolchilar ishtirok etishyapti, baribir ertaga ular yurtimiz sharafini himoya qilishadi.

– «Lokomotiv»da qaysi chiziqlarni kuchaytirish kerak, deb hisoblaysiz?

– So‘nggi olti oy davomida klubda muayyan transfer siyosati shakllandi. Endilikda men yakuniy qarorni qabul qilsam-da, bu borada muayyan ishlar qilib bo‘lingan. Reglamentga asosan, yosh futbolchilar chempionatda qatnashishi shart, o‘sha pozitsiyada bugun raqobat yo‘q. Maydonga tushayotgan yosh futbolchilar o‘yinimizni kuchaytirishmayapti. Bu yo‘nalishda ish olib borishimiz va kuchli yosh o‘yinchilarni tarkibga jalb etishimiz kerak. 

Umuman, barcha pozitsiyalarni kuchaytirish ustida ishlashimiz kerak.

– Hozirgi «Paxtakor»ga raqobat tug‘dira olasizmi?

– Vaziyatni hamma yaxshi tushunib turibdi, 8 ochko – katta farq. Lekin chempionat hali davom etyapti. Biz har bir o‘yinga eng muhim o‘yindek munosabatda bo‘lamiz.

– Samvel Babayanning ortida qandaydir katta amaldor turadimi? Uning «tanka»si kim?

– Futbol – mening hayotim. O‘zimni futbolsiz tasavvur qila olmayman. 7 yoshimdan beri futboldaman. Meni bilganlar o‘z kasbimni qanchalik yaxshi ko‘rishim va vatanimni sevishimni ham biladi. Jon berish va jon olish faqat Yaratganning qo‘lida. Kim bo‘lishidan qat'i nazar, meni o‘zbek futbolidan ayirish va unda ishlashni taqiqlab qo‘yish huquqi hech kimga berilmagan.

Har xil tankalar haqida gapirish esa ahmoqlik. O‘zbek futboliga qo‘shgan hissam kam emas va bundan keyin ham o‘zbek futboli uchun ishlashda davom etaman.

– Uyingizdagi basseynda «Paxtakor» logotipi tushirilgan deyishadi. Shu rostmi?

– Zo‘r g‘oya berdingiz. Sizning rasmingizni yopishtiraman.

– Milliy jamoani boshqarganingizda muxlis va jurnalistlar xatolaringizdan biri sifatida: «O‘z futbolchilarini tarkibga qo‘yadi, shu orqali ularni reklama qilib, sotish niyatida», deb aytishardi. Bunga qanaqa munosabat bildirasiz?

– Bu ham kulgili va to‘qib chiqarilgan. Sizda o‘z telefoningiz bor, to‘g‘rimi? Sherigingiz uni olib, bozorda sotib yuborishi mumkinmi? Yo‘q, siz bermaysiz, bu – sizning telefoningiz. Qanday qilib men ortiq o‘zimga aloqador bo‘lmagan futbolchi bilan qandaydir zimdan ko‘zlagan maqsadlarim bo‘lishi mumkin? Uning boshqa jamoaga sotilishiga men qanday qilib ta'sir ko‘rsata olishim mumkin?

Aslini olganda, bunday ayblov qo‘yishning o‘zi insofsizlik. Milliy jamoada ishlaganimda bitta pozitsiyaga ikki nomzod – Masharipov va Shomurodov bor edi. Agar o‘z kasbimga halol yondashmaganimda, men Masharipovni tanlagan bo‘lardim. U – «Paxtakor» futbolchisi. Lekin har ikkisining ham kuchli va kuchsiz tomonlarini hisobga olib, men Shomurodovni tanlaganman. U boshqa klub a'zosi edi.

Shomurodovni milliy jamoaga aynan men taklif etganimdan juda xursandman. Mening qo‘l ostimda debyut qilib, termadagi ilk golini urganidan mamnunman. Hozir u – milliy jamoamiz lideri.

Shunday ekan, bu ayblovlar – noxolis va adolatsiz. Meni bilganlar o‘z yurtimga qanchalik sodiqligimni ham bilishadi. Bunday gap-so‘zlar kun tartibiga chiqmagan. Hech qachon.

– «Paxtakor»dan ketishingiz va bu klubga yangi rahbariyat kelishi oralig‘ida futbolchilar bilan shartnomalarga o‘z manfaatingizga moslab o‘zgartishlar kiritgansiz, degan gaplar ham yuradi.

– Shartnomalar masalasi to‘g‘ridan to‘g‘ri mening vazifamga kirmasdi. Bu – bosh direktorning funksiyasi edi. Albatta, shartnomalardan bexabar bo‘lganman, deyishim ahmoqlik bo‘ladi. Shartnomalar bilan bog‘liq barcha harakatlar klub prezidenti, o‘sha vaqtdagi shahar hokimi Usmonov bilan, federatsiya prezidenti Mirabror Zufarovich bilan, yuristlar bilan kelishilar edi.

Bu gaplarning tarqalishi klubda aksioner o‘zgargani bilan bog‘liq edi. Avvalgi aksioner, qo‘pol qilib aytganda, bitimga qaramasdan ham futbolchilar bilan shartnoma imzolagan bo‘lsa, yangi aksioner – Toshkent shahar hokimligi bo‘lgandi. O‘shanda o‘zgarishlar bo‘lgan. Hozir esa futbolchilar bilan bir yillik shartnomalar tuzilyapti. «Lokomotiv»da ham vaziyatni o‘zgartiramiz, chunki yil oxirida bizda jamoa qolmasligi ehtimoli ham bor. Kerakli o‘yinchilar bilan uzoq muddatli bitimlar tuzishga harakat qilamiz.

Xullas, bu shartnomalarni tuzishda huquqshunoslar ham qatnashgan, klub rahbarlari ham xabardor bo‘lib, bunga ruxsat berishgan. Eng muhimi, «Paxtakor» rahbariyati bilan gaplashib oldik, bu masalada ortiq muammo yo‘q. Bularning hammasi mish-mish, bo‘lmagan narsa.

– Superliganing yangi formati haqida qanday fikrdasiz?

– Latviyada ishlab, shuni kuzatdimki, 1 mln dollar budjetga ega jamoa Chempionlar ligasida qatnashyapti. Latviyadagi infrastruktura ham sovet paytidan qolgan. Mamlakatning yangi tarixidagi qurilishlar juda kam. Bizda esa deyarli har bir viloyatda yuqori klassdagi stadionlar qurilgan.

O‘tgan yili 12ta klub qatnashgani bizning chempionat uchun u qadar yaxshi variant emas. Birinchidan, mamlakatimiz hududi katta. Futbolni yaxshi ko‘rishadi. Uchinchidan, bizda infrastruktura bor.

Men 16 jamoadan iborat formatni biz uchun normal deb hisoblayman.

Ko‘proq yangiliklar: