O‘tgan mavsumda transfer narxi qimmatlashgan 10 futbolchi

Sport 21:00 / 23.06.2019 20396

Transfermarkt portali butun jahondagi futbolchilarning transfer qiymatlarini ma'lum qildi. Quyida o‘tgan bir mavsum ichida transfer bahosi sezilarli darajada o‘sgan 10 nafar futbolchi nomi keltiriladi. Ushbu ro‘yxatda A Seriyadan boshqa barcha kuchli ligalardan vakillar bor.

10. Rahim Sterling, yarimhimoyachi («Manchester Siti»)
Mamlakat
: Angliya 
Bir yil avvalgi narxi: 90 mln yevro 
Hozirgi narxi: 140 mln yevro 
O‘sish: 50 mln yevro (55,6 foiz)

Gvardiola rahbarligida Sterling yildan yilga rivojlanmoqda. Ispaniyalik mutaxassis olib borgan ishlar tufayli angliyalik vinger shunchaki tezkor va texnar yigitchadan samarador mashinaga aylandi. Yakunlangan mavsumda u jamoasining 61 o‘yinida 31 gol urdi va 13 golga uzatma berdi, APLda«gol+pas» bo‘yicha faqat Aguero, Saloh va Azardan ortda qoldi. Aftidan, Sterling hali yana o‘sadi va eng mos pozitsiyada yanada ko‘p foyda keltirad.

Ushbu reytingda Sadio Mane va Bernardo Silva ham bo‘lishi mumkin edi (ikkisida ham o‘sish – 50 mln yevro). Ammo bu o‘rinni hozirgi narxiga munosib bo‘lgan futbolchiga berdik.

Foto: Richard Heathcote/Getty Images

9. Luka Yovich, hujumchi («Real»)
Mamlakat: Serbiya 
Bir yil avvalgi narxi: 8 mln yevro 
Hozirgi narxi: 60 mln yevro 
O‘sish: 52 mln yevro (650 foiz)

Yovichning «Real»ga transferi yozning eng shov-shuvli xaridlaridan biriga aylandi. «Qaymoqranglilar» Germaniya chempionatida va Yevropa Ligasida porlagan 21 yoshli forvardni 60 mln yevro yevroga baholashdi. Shu tariqa, uning transfer narxi bir yil ichida qariyb 7 barobar o‘sdi. «Benfika» Lukani «Ayntraxt»ga keyinroq 5 mln yevroga sotib olish sharti bilan ijaraga bergandi va endi portugallar klubi rahbariyati ilojsizlikdan tirnoqlarini tishlab qolishdi.

8. Nikolya Pepe, yarimhimoyachi («Lill»)
Mamlakat: Kot-d’Ivuar
Bir yil avvalgi narxi: 10 mln yevro 
Hozirgi narxi: 65 mln yevro 
O‘sish: 55 mln yevro (550 foiz)

Agar mavsumni juda kuchli o‘tkazgan «monstr» Mbappe bo‘lmaganida, «Lill»ning bu iste'dodli futbolchisi ko‘rsatgan o‘yinlar yanada yorqin ko‘rinardi. Killianning tinimsiz gol urishi «Lill»ning bu mavsumdagi natijalarida katta ishlarni amalga oshirgan futbolchini soya ostida qoldirdi. Gap shundaki, bir yil avval hech kim tanimagan Pepe yakunlangan mavsumda 22 gol urdi («Lill»ning Liga 1 o‘yinlaridagi jami gollarining uchdan bir qismi) va 11 golga uzatma berdi. Ivuarlik futbolchining narxi bu qadar o‘sishi va u uchun top-klublar kurash boshlashi bejiz emas. Oxirgi xabarlarga ko‘ra uni «PSJ» Neymarga munosib o‘rinbosar sifatida ko‘rmoqda va uning transferi uchun 85 million yevro to‘lashga tayyor. «Inter» va «Atletiko» esa uning uchun 90 million yevroning bahridan kechishi mumkin.

Foto: Carlos Rodrigues/Getty Images

7. Rodrigo, yarimhimoyachi («Atletiko»)
Mamlakat: Ispaniya 
Bir yil avvalgi narxi: 25 mln yevro 
Hozirgi narxi: 80 mln yevro 
O‘sish: 55 mln yevro (220 foiz)

«Atletiko» tarkibida paydo bo‘lgan yosh Rodrigo ko‘p yillik faoliyatidan keyin Qatar chempionatiga yo‘l olgan Gabining yo‘qligini sezdirmadi. Hozir 22 yoshli futbolchi «matraschilar»ning maydon markazidagi almashtirib bo‘lmas futbolchiga aylangan. U universalligi evaziga himoya va hujum chizig‘ini muammosiz bog‘lay oladi. Rodri nafaqat maydonni yaxshi ko‘rib, yaxshi pas bera oladi. U raqib hujumlarini to‘xtatishda va ikkinchi qavatda to‘p uchun kurashda ham benazir. «Manchester Siti» uni o‘z tarkibiga qo‘shib olish orqali navbatdagi transfer rekordini o‘rnatishga tayyorlanmoqda.

6. Trent Aleksandr-Arnold, himoyachi («Liverpul»)
Mamlakat: Angliya 
Bir yil avvalgi narxi: 25 mln yevro 
Hozirgi narxi: 80 mln yevro 
O‘sish: 55 mln yevro (220 foiz)

O‘tgan yilning sentyabrida kimdir yosh Aleksandr-Arnold mavsum oxiriga kelib jahonning eng qimmat ikkinchi himoyachisiga aylanishini tasavvur qila olarmidi? Albatta, yo‘q. Lekin «Liverpul»ning top-menejmenti o‘z vaqtida angliyalik futbolchining salohiyatini to‘g‘ri baholadi va u bilan yanvar oyida uzoq muddatli shartnoma tuzdi. Trent may oyida APLning tarixiy rekordini o‘rnatdi (u mavsum davomida 12ta golli pas muallifi sifatida bu borada himoyachilar o‘rtasidagi eng yaxshi natijani qayd etdi) va o‘z transfer qiymatini yanada oshirdi.

Foto: Aleksandr-Arnold — Clive Rose/Getty Images

5. Kay Xavers, yarimhimoyachi («Bayyer»)
Mamlakat: Germaniya 
Bir yil avvalgi narxi: 28 mln yevro 
Hozirgi narxi: 90 mln yevro 
O‘sish: 62 mln yevro (221,4 foiz)

«Bayyer»ning 19 yoshli yarimhimoyachisi L'Equipe jurnali talqiniga ko‘ra jahonning eng yaxshi yosh yarimhimoyachilari ro‘yxatida uchinchi o‘ringa loyiq ko‘rilishi bejiz emas. Yakunlangan mavsum Kay uchun juda muvaffaqiyatli kechdi. U 17 gol urdi va klubining asosiy futbolchisiga aylanib, Germaniya milliy terma jamoasidan chaqiruv oldi. Hozirda Haversga «Bavariya» faol ravishda qiziqish bildirmoqda. Pulga ancha ziqnalik qiladigan myunxenliklar rahbariyati ushbu talant uchun 100 mln yevro to‘lashga ham tayyor.

Foto: Sebastian Widmann/Bongars/Getty Images

4. Joau Felish, hujumchi («Benfika»)
Mamlakat: Portugaliya 
Bir yil avvalgi narxi: 2 mln yevro 
Hozirgi narxi: 70 mln yevro 
O‘sish: 68 mln yevro (3400 foiz)

Felish o‘tgan mavsum kashfiyotlaridan biriga aylandi. «Benfika»ning asosiy jamoasida debyut qilgan 19 yoshli portugal mavsumni juda ajoyib o‘tkazib, o‘zining transfer narxini 35 barobar ko‘tardi. Hozirda ushbu vunderkindga «Real», «Manchester Yunayted» va «Atletiko» kabi klublar da'vogarlik qilmoqda. Bu klublar futbolchini qo‘lga kiritishni istasa katta pul sarflashiga to‘g‘ri keladi. «Benfika» prezidenti esa ushbu yosh futbolchini 120 million yevrodan kamiga qo‘yib yubormasligini ma'lum qilgan.

3. Frenki de Yong, yarimhimoyachi («Ayaks», 1 iyuldan «Barselona»ga o‘tadi)
Mamlakat: Niderlandiya
Bir yil avvalgi narxi: 7 mln yevro 
Hozirgi narxi: 85 mln yevro 
O‘sish: 78 mln yevro (1114,3 foiz)

Agar bu reytingdan mavsumni betakror o‘tkazgan «Ayaks»dan biror futbolchi bo‘lmasa adolatsizlik bo‘lardi. Amsterdamliklar klubining muvaffaqiyatlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri Frenki de Yong bilan bog‘liq. «Ayaks»da ushbu yosh yarimhimoyachi haqiqiy dispetcher vazifasini bajardi va hujumni rivojlantirishdagi qobiliyatini namoyish etib, barchani hayratga soldi. «Barselona»ga 75 mln yevroga transfre bo‘lgan de Yong 10 barobar qimmatladi. Kataloniyaliklar kelajak uchun katta sarmoya kiritishdi!

Foto: Dean Mouhtaropoulos/Getty Images

2. Kilian Mbappe, hujumchi («PSJ»)
Mamlakat: Fransiya 
Bir yil avvalgi narxi: 120 mln yevro 
Hozirgi narxi: 200 mln yevro 
O‘sish: 80 mln yevro (66,7 foiz)

Hozirda Killian Mbappe – jahondagi eng qimmatbaho futbolchi, bu hech kimni hayron qoldirmaydi. 20 yoshida u 100 gol urishga ulgurdi. O‘tgan mavsumda uning narxi 80 mln yevroga oshdi. Bu raqam bir yil keyin qanday ko‘rinishda bo‘lishini tasavvur qilish qiyin.

1. Jyeydon Sancho, yarimhimoyachi («Borussiya» D)
Mamlakat: Angliya 
Bir yil avvalgi narxi: 15 mln yevro 
Hozirgi narxi: 100 mln yevro 
O‘sish: 85 mln yevro (566,7 foiz)

«Manchester Siti» rahbariyati bu raqamlarni ko‘rmagani ma'qul. 2017 yilda «shaharliklar» o‘zi uchun moliyaviy tomondan yaxshiroq shartnoma so‘ragan yosh futbolchini tarkibda olib qola olmagandi. Natijada u Dortmundga o‘tdi, u endi nafaqat «Borussiya»ning, balki Bundesliganing eng yaxshi futbolchisi. O‘tgan mavsumda Jyeydon 13 gol urdi va 15 golga uzatma berdi. 19 yoshli vinger uchun juda zo‘r natija!

Ko‘proq yangiliklar: