Efiopiyada armiya rahbari otib ketilishi va davlat to‘ntarishiga urinish: u yerda nimalar bo‘lmoqda?

Jahon 19:00 / 23.06.2019 19953

Efiopiya armiyasi bosh shtabi boshlig‘i Seare Mekonnen Amxardagi isyonni bostirish chog‘ida o‘z tansoqchisi tomonidan otib o‘ldirildi. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Abiy Ahmad milliy televideniye orqali chiqishi vaqtida ma'lum qildi.

Davlat to‘ntarishiga urinishni to‘xtatish vaqtida yana bir yuqori martabali harbiy amaldor, shuningdek Amxar shtati administratsiyasi boshlig‘i hamda uning katta maslahatchisi halok bo‘lgan.

Bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, hukumat davlat to‘ntarishining oldini olishga erishgan.

AQSh Davlat departamenti amerikaliklarning Efiopiya poytaxti Addis-Abeba shahridagi diplomatik missiyasi xodimlariga elchixona hududini tark etmaslikni ko‘rsatma qilgan. Ayni vaqtda mamlakat poytaxtida otishmalar bo‘lib turgani haqida xabarlar tarqalgan.

Efiopiya shimolidagi tartibsizliklar so‘nggi bir necha yildan buyon davom etib kelmoqda. Bu mamlakatdagi ikki yirik etnik guruh - amxarlar va gumuzlar o‘rtasidagi ziddiyat bilan bog‘liq.

2018 yilda Efiopiya bosh vaziri etib saylangan Abiy Ahmadning hukumat rahbari sifatidagi ilk ishi - siyosiy mahbuslarni qamoqxonalardan ozod etish bo‘lgandi. U shuningdek, yangi siyosiy partiyalar tuzishga bo‘lgan taqiqni bekor qilib, inson huquqlari buzilishida ayblangan amaldorlarni sudga tortishga ruxsat bergan.

Davlat to‘ntarishiga urinish va halok bo‘lgan harbiylar haqida nimalar ma'lum?

General Seare Mekonnen general Gize Abera bilan birgalikda halok bo‘lgan - ularni Mekonnenning tansoqchisi otib tashlagan. Bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, u ayni vaqtda qo‘lga olingan va so‘roq qilinmoqda.

Biroz avvalroq davlat to‘ntarishiga urinishni to‘xtatish chog‘ida Amxar ma'muriyati rahbari Ambaxya Mekonnen va uning maslahatchisi o‘ldirilgan, shtat prokurori Migbaru Kebede esa og‘ir tan jarohati olgan.

Hozirda shtat rahbarligiga vaqtinchalikka Leyk Ayalyu tayinlangan.

Efiopiya hukumati davlat to‘ntarishini tashkillashtirishda Amxar shtati xavfsizlik xizmati boshlig‘i Asaminu Tsigeni ayblamoqda. Gumonlanuvchi ayni vaqtda qayerdaligi ma'lum qilinmagan.

«Amxar shtatidagi davlat to‘ntarishiga urinish mamlakat konstitutsiyasiga zid bo‘lib, bu harakat ushbu hududda qiyinchilik bilan o‘rnatilgan tinchlikni buzishga qaratilgan», deyiladi Efiopiya hukumati bayonotida.

«Bu noqonuniy harakat Efiopiyaning barcha fuqarolari tomonidan qoralanishi kerak, federal hukumatlarda esa bu qurolli guruhga javob qaytarish uchun barcha vositalar mavjud», deya qayd etiladi bayonotda.

Amxar shtati markazi - Bahr-Dor shahri aholisi shaharda otishmalar davom etayotgani haqida xabar bergan.

Efiopiya bosh vaziri Ahmad Abiy
Foto: Reuters

Aynigan siyosiy muhit

Emmanuel Igunza, Bi-bi-si, Nayrobi

Efiopiya xalqi va bosh vazir Abiy Ahmad uchun notinch davr keldi - etnik ziddiyatlar o‘sib bormoqda.

General Seare Mekonnen atigi bir yil armiyaga rahbarlik qildi, u Abiy Ahmad hukumat tepasiga kelganida lavozimga tayinlangandi. Abiy Ahmad 2018 yilning aprelida hukumat tepasiga kelgach harbiy sohada jiddiy o‘zgarishlar boshlagandi.

Ko‘rinib turibdiki, harbiylar orasida bosh vazirning jiddiy raqiblari mavjud, ular yangicha tartiblarga rozi emas.

Amxar shtati rahbarining o‘ldirilishi - amaldagi bosh vazir nufuzi uchun jiddiy zarba bo‘ldi, u o‘z vaqtida Ambaxya Mekonnen nomzodini qo‘llab-quvvatlagandi.

Mekonnen Amxar shtatidagi federal hukumatning muhim ittifoqchisi edi - bu shtat aholisi avtonomiya talab qilib keladi.

Efiopiyadagi umummilliy saylovlar keyingi yilda o‘tkazilishi mo‘ljallangandi, ammo bu voqealardan keyin saylovlar o‘tkazilishiga kafolat yo‘q. Mamlakatdagi siyosiy muhit bugunga kelib haddan tashqari buzilib ketdi.

Amxardagi voqealar nimasi bilan muhim?

Amxar shtati - mamlakatdagi aholi soni bo‘yicha ikkinchi eng yirik shtat. Bu hudud Efiopiyadagi ikkinchi yirik elat - amxarlar vatani hisoblanadi. Bu elatning o‘z tili bor - amxar tili. Bu til Efiopiyada davlat tili hisoblanadi. Bu elatning aksar qismi xristian-miafiziylar hisoblanadi, bu shtatda yahudiylar va musulmonlar ham bor.

Amxarlar va gumuzlar o‘rtasidagi etnik mojarolar avj olishi so‘nggi oylarda o‘nlab kishilarning halok bo‘lishiga olib keldi. Bu ikki elatning ziddiyatiga asosiy sabab - yer talashishdir.

Bu etnik guruhlar Efiopiya shimolidagi yerlarni bo‘la olishmayapti. Etnik ziddiyat kuchayishi bu yerlar aholisi o‘z uylarini tashlab ketishiga sabab bo‘lmoqda. So‘nggi vaqtlarda Amxar va Benishangul-Gumuz shtatlarida milliondan ortiq kishi boshpanalarini tark etishga majbur bo‘lgan.

May oyida ro‘y bergan navbatdagi mojaro chog‘ida o‘nlab kishilar halok bo‘lgandi.

Bosh vazir to‘qnashgan yana bir muammo - armiyadagi tartibsizliklar va harbiylar o‘rtasidagi nizolar.

Bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, oktabr oyida maoshlarini oshirishni talab qilib, ming nafar harbiy uning qarorgohiga kelgandi. Uning eslashicha, o‘shanda harbiylar uni o‘ldirib yuborishga tayyor edi.

O‘tgan yilning iyunida ro‘y bergan tartibsizlik vaqtida bosh vazir tomonga granata uloqtirilgan. O‘shanda ikki kishi halok bo‘lgan va 100dan ortiq kishi yaralangandi. Abiy Ahmadga shikast yetmagan.

Davlat to‘ntarishiga urinishni tashkillashtirgan kim?

Davlat to‘ntarishini tashkillashtirishda ayblanayotgan Asamniu Tsige yuqori martabali harbiylardan biri bo‘lib, u o‘tgan yil boshida qamoqdan ozodlikka chiqarilgandi. Yangi hukumat o‘shanda jamoatchilik bosimi ostida siyosiy mahbuslarni ozod qilishga majbur bo‘lgan.

General Asamniu Tsige o‘z vaqtida davlat to‘ntarishiga urinishda ayblanib 9 yilga qamalgandi.

Ko‘proq yangiliklar: