Yangi qurilayotgan uylar tannarxiga oid barcha ma'lumotlarni onlayn olish mumkin bo‘ladi – vazirlik vakili va'da berdi

O‘zbekiston 00:51 / 22.06.2019 9968

O‘zbekiston Milliyy matbuot markazida Qurilish vazirligi mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani tashkil etilgani haqida avval xabar berilgan edi. Unda Kun.uz muxbiri ham ishtirok etib, bir necha savollar bilan spikerlarga murojaat qildi. Xususan, ilk savol qurilish sohasida amalga oshirilayotgan ishlarning shaffof va ochiqligini ta'minlash, korrupsiyaning oldini olish maqsadida vazirlikka axborot texnologiyalari qachon joriy etilishi haqida bo‘ldi. 

-  Qurilish vazirligi tizimiga, korrupsiyaning oldini olish, shaffoflikni ta'minlash maqsadida qachon axborot texnologiyalari kirib keladi? Qachon, istagan kishi uyida o‘tirib, internet orqali vazirlik saytini kuzatib, misol deylik, Qashqadaryoning Chiroqchi yoki G‘uzor tumanida qurilayotgan namunali uy-joylar bahosi, unga ishlatilgan qurilish mollari narx-navosi, uylar qiymatiga asos bo‘lgan tannarx bilan ochiq tarzda qachon tanisha olamiz?

«Bizlarning Qurilish vazirligi har chorakda katalog chiqaradi. Unda qurilish materiallarining narxi barchasi ochiq e'lon qilinadi. Loyiha-smeta xarajatlari hisoblanganda o‘sha katalog asosida narxlar belgilanadi. Bu ochiqliklardan bittasi. Yana bir narsa, bundan keyin qurilish narxini quruvchi emas, buyurtmachi - «O‘zshaharqurilishinvest», «Qishloqqurilishinvest» belgilaydi. Ular orasida ekspertizadan o‘tkazadigan tashkilot bor, ular narxlarni tekshiradi. Bundan ortiq yana qanday shaffoflik bo‘lishi mumkin», - degan fikrlarni bildirdi Kozim To‘laganov. 

Mazkur savolga vazirlik mutasaddisi Dilshod Jalolov ham qo‘shimcha qilar ekan, shu yil oxirigacha vazirlik tizimida savolda qayd qilingan shaffoflikka erishish uchun axborot texnologiyalari to‘la joriy qilinishiga va'da berishini ta'kidladi. 

«Kecha ham shu masala ko‘tarildi. Biz, axborot texnologiyalarini vazirlik tizimiga joriy qilish maqsadida uskunalarga buyurtma berilgan. Bu kabi uskunalarning tez yetib kelishi ham biroz qiyinroq. Shuning uchun, yaqin 3 oy, yil oxirigacha siz aytgan darajagacha yetkazamiz onlayn tarzda barcha qiziqtirgan savollarga javob olish masalasida», - dedi Dilshod Jalolov.

Ko‘proq yangiliklar: