Navoiy shahridagi «hushyorxona» atrofidagi mojarolardan nega mutasaddilar hushyor tortmayapti? Mahalla aholisiga osoyishtalik kerak

O‘zbekiston 15:10 / 22.06.2019 24364

Kun.uz saytida joriy yilning 21 fevral kuni «Hushyorxona»dan hushyor bo‘ling: Navoiydagi tinchi buzilayotgan bir mahalla haqida» sarlavhali tanqidiy maqola e'lon qilingan edi.

Unda Navoiy shahridagi «Binokor» mahallasi aholisi bir necha yillardan buyon hadik va qo‘rquvda yashayotgani, bunga esa mahalladagi aholi xonadonlari orasida joylashgan Navoiy viloyati narkologiya dispanseriga qarashli «Mastlik holatini aniqlash xonasi» va «Mast holdagi fuqarolarga tibbiy yordam ko‘rsatish va reabilitatsiya punkti» atrofidagi mojarolar va boshqa salbiy holatlar sabab bo‘layotgani yoritilgan edi.

Mazkur maskanlarga ichki ishlar xodimlari tomonidan haydovchilar spirtli ichimlik iste'mol qilganini aniqlash uchun, mast fuqarolar esa ularga tibbiy yordam ko‘rsatilishi uchun olib kelinadi.

«Mast holdagi fuqarolarga tibbiy yordam ko‘rsatish va reabilitatsiya punktiga olib kelingan fuqarolar bir necha soat o‘tib shu yerdan qo‘yib yuboriladi. Ayrimlari mahalla hududining har joyida yotib olishadi. Bundaylarning mahalla hududidan qachon va qanday holatda chiqib ketishi aniq emas. Axir, bu punkt uyimiz qarshisida joylashgan. Mahalla aholisi farzandlari xavfsizligidan doim xavotirda yashaydi. Qolaversa, farzandlarimiz ko‘cha-ko‘yda yurganda bunday shaxslarni turli holatlarda ko‘radi. Bu farzandlarimiz tarbiyasiga ham salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Ular ham doim qo‘rquvda yuradi. Mahalla aholisi farzandlari ko‘chaga chiqarishga qo‘rqadi. Bu muammo bizni bir necha yillardan buyon qiynab keladi. Avval ham hokimliklar va mutasaddi tashkilotlarga murojaat qilganmiz. Ammo masala ijobiy yechim topmayapti», – deya e'tirozlarini bildirgan edi shu mahallada istiqomat qiluvchi Nazira Rahimova.

Mahalla aholisining so‘zlarini isbotlovchi suratlar ham keltirilgandi.

O‘rganishimiz davomida ushbu masala yuzasidan «Binokor» mahallasi raisi Jobir Mirzayev ham o‘z fikrlarini aytgan edi.

«Bu yerga ichki ishlar xodimlari tomonidan mast holatdagi shaxslar olib kelinadi. Shu yerning o‘zida turli nizolar kelib chiqadi. Ayniqsa, tunda. Mast holdagi fuqarolarga tibbiy yordam ko‘rsatish va reabilitatsiya punktidan qo‘yib yuborilgan shaxslar bir-birlari bilan o‘zaro janjallashadi. Baqir-chaqirdan mahalla aholisiga tinchlik yo‘q. Bu maskanlarni mahalla hududidan ko‘chirish borasida hokimiyat vakillariga bir necha bor murojaat qilganmiz. Ammo biror foydasi bo‘lgani yo‘q», – degan edi Mirzayev.

Ma'lum bo‘lishicha, «Mast holdagi fuqarolarga tibbiy yordam ko‘rsatish va reabilitatsiya punkti»ga olib kelingan mast holatdagi shaxslar holatiga qarab 3 soatdan 12 soatgacha ushlab turiladi. Zarur tibbiy yordamlar ko‘rsatilib, keyin qo‘yib yuboriladi. Ammo uning qayerga ketishi yetarlicha nazorat qilinmaydi. Bu esa mahalla aholisi uchun xavotirli holatdir.

Mahalla aholisining e'tirozlari yuzasidan Navoiy shahar hokimining qurilish masalalariga mas'ul o‘rinbosari Ibrohim Qodirov bilan ham suhbatlashganimizda, mutasaddi bu masala Sog‘liqni saqlash vazirligi va Ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda hal etilishi lozimligini bildirgandi.

Afsuski, bu masala Navoiy viloyati mutasaddilari e'tiboridan chetda qoldi. Mahalla aholisi esa bizga takroran murojaat qildi. Takroriy murojaat asosida holatni qayta o‘rganganimizda haqiqatan ham mahalla aholisi bu muammo tufayli xavotirda yashayotganiga guvoh bo‘ldik. Sababi, mahalla ko‘chalarida mast holatda uxlab yotgan shaxslarni ko‘rish mumkin. Qolaversa, «hushyorxona» atrofidagi mojarolardan mahalla aholisi bezib qolgan. Hatto farzandlarini ham ko‘chaga chiqarishga qo‘rqishadi.

Ushbu masala yuzasidan Navoiy shahar hokimining qurilish masalalar bo‘yicha mas'ul o‘rinbosari Ibrohim Qodirov bilan takroriy suhbatlashganimizda bu masala ichki ishlar organlariga bog‘liqligini aytib o‘tdi.

Shu holat bo‘yicha Navoiy shahar IIB boshlig‘i Farhod Sidiqov bilan bog‘landik.

«Bu masalani hal etish shahar hokimiyatiga ham bog‘liq. Hokimiyat bilan maslahatlashgan holda bu masala yuzasidan zarur chora-tadbirlarni ko‘ramiz. Holatdan xabarimiz bor, tegishli ishlar ham olib borilyapti. Sizga uch-to‘rt kun ichida bu bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan batafsil ma'lumot beramiz», – deydi Sidiqov.

Ammo masalaning boshqa jihati bor. Mahalla hududidan bu muassasalarni ko‘chirish bo‘yicha ishlar amalga oshirilgunga qadar mahallada nega osoyishtalik ta'minlanmayapti? Nega mahalla aholisi doim xavotirda? Mahallada mas'ul profilaktika inspektori va yordamchisi yo‘qmi? Bo‘lsa, nega mast kimsalar mahalla hududida bemalol yumalab yotibdi?

Bundan ko‘rinib turibdiki, viloyat va shahardagi tegishli tashkilot mutasaddilari, mas'ullari mahallaning bu muammosiga panja orasidan qaramoqda. Aks holda, hech bo‘lmaganda mahalla aholisining osoyishtaligini ta'minlab qo‘ygan bo‘lishardi. Doim hadikda yashayotgan «Binokor» mahallasi aholisi esa bizdan yordam so‘ramagan bo‘lar edi.

Kun.uz tegishli vazirliklar, Navoiy viloyati va shahri mutasaddilari bu muammoga jiddiy e'tibor qaratishiga ishonch bildiradi va voqealar rivojini kuzatib boradi. Zero, har bir shahar yoki tumanning obodligi, osoyishtaligi mahalladan boshlanadi. Ayniqsa, mahallalarda aholi tinchligini saqlash, ularning osoyishta hayot kechirishini ta'minlash doimo ustuvor vazifalardan hisoblanadi. Qachonki, mahallada xavfsizlik, sog‘lom turmush tarzi ta'minlansa, aholisi ham xotirjam yashaydi. 

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: