Xitoyning Huawei kompaniyasi 7 nmli texnik jarayon bo‘yicha yaratilgan yangi protsessori Kirin 810’ni va 3 ta yangi smartfoni – Nova 5, Nova 5 Pro va Nova 5i’ni taqdim qildi. Bu smartfonlar kompaniyaga AQSh tomonidan sanksiyalar solingani ortida Android operatsion tizimida ishlashi va Google xizmatlari ko‘magini olishi-olmasligi noma'lum.
Nova 5 va Nova 5 Pro ko‘rsatkichlari bo‘yicha bir-biriga o‘xshash. Ikkala smartfon ham 6,39-dyuymli OLED-ekran va 4 ta kamera – 48 Mpli asosiy, 16 Mpli keng burchakli kamera, 2 Mpli chuqurlik sensori va 2 Mpli makro-sensor bilan jihozlangan. Qurilmalar ekran ostidagi barmoqlar izlari datchigi va 3500 mA-soatlik akkumulyatorlar olgan.
Smartfonlar tezkor va ichki xotiralari hajmi bilan farqlanadi: Nova 5 6 Gb tezkor va 128 Gb ichki, Nova 5 Pro esa 8 Gb tezkor va 256 Gb ichki xotira olgan. Bundan tashqari, Nova 5 yangi protsessor Kirin 810, Nova 5 Pro esa kompaniyaning flagman smartfonlari P30 Pro va Mate 20 kabi Kirin 980 protsessori bilan jihozlangan.
Ikkala smartfon ham ko‘rinishidan Honor 20’ga o‘xshaydi.
Kompaniya taqdim qilgan 3-smartfon Nova 5i bo‘lib, o‘zidan Yevropada namoyish qilingan P20 Lite’ning rebrending-versiyasini aks ettiradi. U ekranda selfi-kamera uchun “darcha”, Kirin 710 protsessori, qolgan ikki smartfonga qaraganda 2 marta kuchsizroq kamera va OLED ekran o‘rniga LCD ekran bilan jihozlangan.
Huawei uchala smartfonni ham hozircha Xitoyda sotuvga chiqarmoqchi. Ta'kidlanishicha, qurilmalar iyun oxirida Nova 5 uchun 2799 yuan, Nova 5 Pro uchun 2999 yuan va Nova 5i uchun 2199 yuan narx bilan do‘konlarda paydo bo‘ladi. Kompaniyada qurilmalar boshqa davlatlarda sotilishi va qancha turishi borasida ma'lumot berilmagan.
Iyunda Huawei smartfon ishlab chiqarishga buyurtmani o‘zgartirgani, uning telefonlarni yig‘uvchi pudratchisi Foxconn bir necha yig‘ish liniyalarini to‘xtatib qo‘ygani ma'lum bo‘lgan. Huawei, shuningdek, suv osti internet kabellari biznesini sotib yuborgan, egiluvchan ekranli Mate X smartfoni ishlab chiqarilishini keyinga qoldirgan va tushumining 30 mlrd dollarga kamayishi mumkinligini ma'lum qilgan.