Atamboyev qo‘lga olinishi mumkinligini eshitgan tarafdorlari uning uyi oldida yig‘ilishdi

Jahon 15:35 / 22.06.2019 73618

Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atamboyevning Koy-Toshe qishlog‘idagi uyi oldida uning yuzlab tarafdorlari yig‘ilishdi. Atamboyevning uyi oldida to‘planib turgan mashina va odamlar tasvirlangan videolavhalar ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.

Qirg‘iz nashrlarining yozishicha, odamlar Atambayev qo‘lga olinishi mumkinligi haqida eshitishgan va uni qo‘llashga shoshilgan. Biroq Atamboyevning partiyasi hisoblangan Qirg‘iziston sotsial-demokratik partiyasi sobiq prezidentni qo‘llash uchun qandaydir aksiya o‘tkazmoqchi emasligini ma'lum qildi.

Odamlarning Atamboyev uyi oldida to‘planishi fonida davlat xavfsizlik qo‘mitasi barchani provakatsion xabarlarga uchmaslikka chaqirmoqda.

Foto: 24.kg

«Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan mamlakatdagi holatni izdan chiqarishga qaratilgan provakatsion materiallar yuzasidan davlat xavfsizlik qo‘mitasi quyidagilarni ma'lum qiladi:

Bu materiallar mamlakatdagi siyosiy holatni izdan chiqarishga qaratilgan;

Davlat xavfsizlik qo‘mitasi bundan materiallarni tayyorlagan va tarqatganlarni aniqlash borasida surishtiruv ishlarini olib boradi.

Foto: 24.kg

Davlat xavfsizlik qo‘mitasi mamlakatdagi siyosiy holatni izdan chiqarishga qaratilgan bunday xabarlarni tayyorlab, tarqatganlar qonunchilikka muvofiq jazolanishini eslatadi», deyiladi Qirg‘iziston davlat xavfsizlik qo‘mitasi axborotida.

Avvalroq Almazbek Atamboyev o‘ziga qo‘yilayotgan ayblovlarni tuturiqsiz va yuridik asosga ega emas deb atagandi. Atamboyevning fikricha, barchasini amaldagi prezident Jeenbekov uning «ovozini o‘chirish» uchun qilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: