Yevroittifoq AQSh va Eron orasidagi vaziyatga aralashmaslikni ma'qul ko‘rmoqda

Jahon 18:10 / 21.06.2019 8675

Yevropa kengashi rahbari Donald Tusk AQSh va Eron orasidagi vaziyatga “aralashmagan ma'qul” deb hisoblaydi. U bu haqda YeI sammitining yakuniy matbuot anjumanida aytdi.

"Ba'zida vaziyatga aralashmagan ma'qulligiga ishonchim komil. Tarixdagi aksariyat katta muammolar o‘ta sustkash emas, o‘ta faol siyosatchilar tufayli kelib chiqqan", - dedi Tusk YeI nima uchun AQShning Eronga tahdidini muhokama qilmagani to‘g‘risidagi savolga javoban.

"Albatta, biz vaziyatni diqqat bilan kuzatmoqdamiz va Ummon ko‘rfazidagi vaziyatdan juda tashvishdamiz, hozirda bu muammo bo‘yicha YeIning maxsus bayonotlaridan ma'no yo‘q", - deb qo‘shib qo‘ydi Tusk.

20 iyun kuni Eron islom inqilobi korpusi soqchilari AQShga tegishli razvedka dronini urib tushirganini ma'lum qilgandi. Keyinroq AQSh bu ma'lumotni tasdiqladi. Eron tomoni urib tushirilgan dronning modeli RQ-4 Global Hawk ekanini aniqladi.

Eron AQShga tegishli bo‘lgan bu razvedka droni mamlakatning Ho‘rmuzgoh viloyati havo sarhadlarini buzib o‘tgani bois urib tushirilganini ma'lum qildi. AQSh tomoni esa dron xalqaro havo hududida bo‘lganini aytmoqda.

Ushbu voqeadan so‘ng Donald Tramp «Eron juda katta xato qildi», deb yozdi tvitterdagi sahifasida, ammo keyinroq buning ataylab qilinganiga ishonmasligini aytib, kimdir noto‘g‘ri qarori bilan bu xatoga yo‘l qo‘yganini taxmin qildi.

Ko‘proq yangiliklar: