Tbilisida Rossiyaga qarshi namoyishlar: Parlamentning qamal qilinishi va to‘qnashuvlar

Jahon 10:30 / 21.06.2019 34860

20 iyun kuni kechqurun Gruziya poytaxti Tbilisida ko‘p ming kishilik namoyishlar boshlandi. Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, parlament binosi oldidagi maydonda 10 ming kishi to‘plangan. Muxolifat chaqirig‘iga ko‘ra mahalliy vaqt bilan soat 19:00da yig‘ila boshlagan odamlar Gruziya «Rossiya tomonidan okkupatsiya qilinishi»ga qarshi chiqishgan va parlament spikeri Irakliy Kobaxidze, shuningdek Ichki ishlar vaziri Georgiy Gaxariya hamda Milliy xavfsizlik xizmati rahbari iste'foga chiqishini talab qilishdi. Norozilik aksiyasi boshlanganidan bir soat o‘tib iste'folar haqidagi talablar qondirilmagach, namoyishchilar parlament binosiga bostirib kirish uchun harakat boshlashdi.

Parlament binosi oldida minglab kishi to‘plandi
Vano Shlamov / AFP / Scanpix / LETA

Namoyishlarga Rossiya Davlat dumasi deputati Sergey Gavrilovning Gruziya parlamentida chiqish qilishi sabab bo‘ldi. Gruziya parlamentida 20 iyun kuni Parlamentlararo pravoslaviya assambleyasi majlisi o‘tkazildi (assambleya Gretsiya tashabbusi bilan 1993 yili, parlamentlararo organ sifatida tashkil etilgan; gruzinlar ham xuddi greklar va ruslar kabi pravoslav). Assambleyaning hozirgi rahbari — Rossiya parlamenti deputati Sergey Gavrilov hisoblanadi.
U Gruziya parlamenti raisining kursisiga o‘tirib olgan va majlisga yig‘ilganlarga rus tilida murojaat qilgan. Bu esa Gruziya muxolifati vakillari — «Yagona milliy harakat» va «Yevropa Gruziyasi» partiyalaridan saylangan deputatlarning noroziliklarini keltirib chiqargan. Shundan so‘ng majlis barbod bo‘lgan, deputat Gavrilov qo‘riqchilar himoyasi ostida parlamentni tark etgan va mehmonxonaga yashiringan. Ko‘p o‘tmay uning boshchiligidagi Rossiya delegatsiyasi Gruziyadan chiqib ketgan.

Hukumatdagi «Gruzin orzusi - Demokratik Gruziya» partiyasi rahbari, milliarder Bidzin Ivanishvili, bosh vazir Mamuka Baxtadze va parlament spikeri Irakliy Kobaxidze «okkupant-davlat vakili qisqa vaqtga bo‘lsa-da Gruziya parlamenti raisi kreslosida o‘tirgani» uchun uzr so‘radi.

Politsiya namoyishchilarni tarqatish uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gazlar, rezinali o‘qlar va vodomyotlar qo‘lladi. O‘z navbatida aksiya ishtirokchilari ham politsiyachilarga qarata butilkalar uloqtirib, ularning shchitlarini tortib olishdi. To‘qnashuvlar vaqtida o‘nlab kishilar jarohatlandi. Gruziya Sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lumotiga ko‘ra ikki tomondan jami bo‘lib 69 kishi jabrlangan. Ularning yarmidan ko‘prog‘i — 39 nafari politsiyachilar.

Politsiya namoyishchilarni tarqatish uchun rezina o‘qlar va ko‘zdan yosh oqizuvchi gazlar qo‘lladi
Irakli Gedenidze / Reuters / Scanpix / LETA

Siyosatchi Mixail Saakashvili namoyishchilarni qo‘llab-quvvatlab chiqdi. U politsiyachilarni hukumat buyruqlariga bo‘ysunmaslikka va «xalq tomoniga o‘tish»ga chaqirdi.

«Biz ishni oxirigacha olib borishimiz va Gruziyani ozod qilishimiz kerak», — dedi u.

Ayni vaqtda Minskda tashrif bilan bo‘lib turgan Gruziya prezidenti Salome Zurabishvili Saakashvilining bayonotiga e'tiroz bildirdi. «Bunga toqat qilib bo‘lmaydi, boshqa mamlakat fuqarosi chetdan turib politsiyani hukumatga bo‘ysunmaslikka chaqirishi normal emas», — dedi u.

U shu bilan birgalikda Rossiyani mamlakatda norozilik namoyishlarini tashkillashtirishda aybladi.

«Mamlakat va jamiyatning ajralishi, shuningdek, ichki nizolar Rossiyadan boshqa hech kimga foyda keltirmaydi va bu uning eng ishonchli quroli», — deb yozadi Gruziya prezidenti feysbukdagi sahifasida. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning beshinchi kolonnasi hozirgi vaziyatda ochiq tajovuzdan ko‘ra xavfliroq.

U Gruziyada sodir bo‘layotgan beqarorlikni yoqlayotganlar Rossiya siyosatini qo‘llab-quvvatlashi va Kreml rejalarini amalga oshirishga ko‘maklashishi haqida ta'kidladi. «Rossiya — bizning dushmanimiz va bosqinchi», — deydi prezident.

Gruziya hukumati namoyishchilarni muzokaralarga chaqirdi. IIV rahbari Georgiy Gaxariya aksiya ishtirokchilarida «norozilik uchun asoslar borligi»ni qayd etdi, ammo shu bilan birgalikda, politsiyachilarga hujum qilganlar jazoga tortilishini qo‘shimcha qildi. 

Gruziya bosh vaziri Mamuka Baxtadze ham norozilikni adolatli, asosli deb atab, shu bilan birgalikda Mixail Saakashvili tomonidan tuzilgan «Yagona milliy harakat» partiyasini «Gruziyani mamlakatda umrbodga joriy etilgan huquqiy chegaralardan chiqarib yuborish»da aybladi.

Rossiya TIV «Gruziyaning radikal siyosiy kuchlari» harakatlarini qoralab chiqdi. Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Grigoriy Karasin Moskvadagilar Parlamentlararo pravoslaviya assambleyasi faoliyati to‘sqinlikka uchraganidan «g‘azablanishgani»ni ma'lum qildi. «Gruziyadagi radikal kuchlarning harakatlari g‘azabimizni keltirdi. Ular provaslav dunyosining xalqaro forumidan foydalangan holda Rossiyaga qarshi kayfiyatlarini namoyish etishdi», — degan Rossiya TIV vakili. AQSh ziddiyatli tomonlarni «xotirjamlikni saqlashga, vazminlikka va faqat konstitutsiya doirasida harakatlanish»ga chaqirdi.

Parlament qamali
Foto: Irakli Gedenidze / Reuters

Namoyishchilar 21 iyunga o‘tar kechasi hukumatdagi «Gruzin orzusi - Demokratik Gruziya» partiyasining Tbilisidagi ofisiga bostirib kirib, u yerni vayron qilishdi va partiya ramzi tushirilgan bayroqlarni yoqib yuborishdi.

Gruzin muxolifati mitinglarni davom ettirmoqda. «Yagona milliy harakat» yetakchisi Grigol Vashadze navbatdagi aksiyalar bugun mahalliy vaqt bilan soat 19:00da (Toshkent vaqti bilan 20:00) Rustaveli prospektida tashkillashtirilishini ma'lum qilgan.

Ziddiyat tarixi

Payshanba kuni Rossiya Davlat dumasi deputati, Parlamentlararo pravoslaviya assambleyasi prezidenti Sergey Gavrilov ilk marta Gruziyada o‘tkazilgan sessiyani ochib berdi. U parlament spikeri o‘rindig‘ida o‘tirib, rus tilida nutq irod qila boshlagach, norozilik kelib chiqdi.

«Yagona milliy harakat» va «Yevropa Gruziyasi» deputatlari avvalboshdan rossiyalik delegatlar ishtirokidagi sessiyada qatnashishdan bosh tortishgandi.

Sessiya davomida e'lon qilingan tanaffus vaqtida ular parlament tribunasi tomon harakatlanishdi va rossiyalik deputatlarni mamlakat qonunchilik organi binosidan chiqarib yuborishni talab qilishdi.

«Agar davlat bizni rossiyalik okkupantlardan himoya qilmasa, biz kamida shu zalni himoya qilamiz. Bu tadbir rossiyalik delegatlar ishtirokida bo‘lmasligi kerak», dedi tribunada turib «Yevropa Gruziyasi» deputati Yelena Xoshtariya.

Sergey Gavrilov Abxaziya va Janubiy Osetiya mustaqilligi uchun jang qilgan. Gruziya muxolifati ma'lumotiga ko‘ra, Gavrilov 1992-1993 yillarda gruzin-abxaz urushi vaqtida Abxaziya mustaqilligi uchun qurol ko‘tarib chiqqani aytiladi, shu tufayli Gruziya hukumati uni mamlakatga kiritmasligi kerak edi.

Gavrilovning o‘zi Abxaziya uchun urushganini inkor etadi. Shu bilan birgalikda, bu deputat Rustavi-2 telekompaniyasi uchun bergan intervyusida Rossiya Abxaziya va Janubiy Osetiyani mustaqil davlatlar sifatida tan olishi va reallikdan kelib chiqib, bu davlatlar bilan munosabatlarni o‘stirish zarurligini aytib o‘tgandi.

Gruziya Rossiya bilan diplomatik aloqalarni 2008 yil sentyabrida uzgan. Bunga avgust oyida bo‘lib o‘tgan urush sabab edi. Rossiya Abxaziya va Janubiy Osetiyani mustaqil davlatlar sifatida tan olgan, shu bilan birga bu hududlarda o‘z harbiylarini qoldirgan.

Tbilisi va xalqaro hamjamiyat Abxaziya va Janubiy Osetiyaga Gruziyaning Rossiya tomonidan egallab olingan hududlari sifatida qaraydi.

Ko‘proq yangiliklar: