Qurol uchun berilgan ruxsatnoma qay hollarda tugatiladi?

O‘zbekiston 17:20 / 21.06.2019 22558

Senatning 20-yalpi majlisida ma'qullangan «Qurol to‘g‘risida»gi qonunda fuqaroviy qurol bilan bog‘liq munosabatlarning amalga oshirilish tartibi belgilandi.

Unda, jumladan, qurol olish huquqini beruvchi ruxsatnomani tugatish tartibiga ham oydinlik kiritilgan. Xususan, quyidagi hollarda ruxsatnoma tugatiladi:

—   ruxsatnoma egasi uning amal qilishini tugatish to‘g‘risida ariza bilan murojaat etganda;

—   yuridik shaxs bo‘lgan ruxsatnoma egasi tugatilganda; 

—   jismoniy shaxs bo‘lgan ruxsatnoma egasi vafot etganda, uning muomala layoqati cheklanganda, u muomalaga layoqatsiz deb topilganda;

—   ruxsatnoma egasi ruxsat berishga doir talablar va shartlarni bir yil davomida muntazam ravishda (ikki va undan ortiq marotaba) yoki bir marotaba qo‘pol ravishda buzganda, agar mazkur qoidabuzarliklar fuqarolarning hayoti va sog‘ligiga, jamoat xavfsizligiga zarar yetkazilishiga olib kelgan bo‘lsa;

—   ruxsatnoma egasi ruxsatnomaning amal qilishi to‘xtatib turilishiga sabab bo‘lgan holatlarni Milliy gvardiya organi yoki sud tomonidan belgilangan muddatda bartaraf etmaganda;

—   Milliy gvardiya organining ruxsatnoma berish to‘g‘risidagi qarori qonunga xilof ekanligi aniqlanganda;

—   ruxsatnomaning amal qilish muddati o‘tganda.

Ruxsatnoma egasi Milliy gvardiya organining ruxsatnomaning amal qilishini tugatish to‘g‘risidagi qarori ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin. Ruxsatnomaning amal qilishini tugatish sud tomonidan asossiz deb topilgan taqdirda, Milliy gvardiya organi ruxsatnoma egasi oldida u ko‘rgan zarar miqdorida javobgar bo‘ladi.

Shuningdek, qonunda ruxsatnomani bekor qilish tartibi ham ko‘rsatib o‘tilgan. Unga ko‘ra, ruxsatnoma qalbaki hujjatlardan foydalangan holda olingani fakti aniqlangan taqdirda sud tomonidan bekor qilinadi.

Ko‘proq yangiliklar: