Gruziya parlamenti spikeri namoyishlar fonida iste'foga chiqdi

Jahon 16:50 / 21.06.2019 10691

Gruziya parlamenti spikeri Irakliy Kobaxidze o‘z lavozimini tark etdi. Bu haqda hukumatdagi «Gruziya orzusi — Demokratik Gruziya» partiyasi bosh kotibi, Tbilisi shahri meri Kaxa Kaladze ma'lum qildi.

Kobaxidzening iste'fosi — Tbilisida 20 iyun kuni boshlangan namoyish ishtirokchilari qo‘yayotgan talablardan biri edi. Ommaviy aksiya ishtirokchilari Ichki ishlar vaziri va Xavfsizlik xizmati rahbari iste'fosini ham talab qilishmoqda.

Parlament binosi oldidagi namoyishlar parlamentda Rossiya Davlat dumasi deputati Sergey Gavrilovning chiqish qilishi ortidan boshlanib ketdi. Gavrilov spiker o‘rindig‘ida o‘tirib rus tilida chiqish qilgani muxolifatdagi partiyalar vakillari tomonidan norozilik bilan qarshi olindi va ular Tbilisi ahlini namoyishlarga chaqirdi.

Politsiya Tbilisidagi namoyishchilarni tarqatish uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz, rezina o‘qlar va vodomyot qo‘lladi. To‘qnashuvlar vaqtida jami 240 kishi jarohatlangan, shundan 80 nafari politsiyachilar. O‘tgan vaqt mobaynida namoyish ishtirokchilarining 100 nafaridan ortig‘i qo‘lga olingan. 

Muxolifat 21 iyun kuni kechqurun yangi namoyishlar o‘tkazilishini e'lon qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: