Fuqarolar sababini ko‘rsatmagan holda shaxsiy ma'lumotlarni berishni rad qilish huquqiga ega bo‘ladi

O‘zbekiston 15:30 / 21.06.2019 10632

Oliy Majlis Senatining 20-yalpi majlisida «Shaxsga doir ma'lumotlar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ma'qullandi.

Mazkur Qonun bilan davlat organlarining shaxsiy ma'lumotlar sohasidagi vakolatlari belgilanadi. Xususan, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi shaxsga doir ma'lumotlar sohasidagi vakolatli davlat organidir. U shaxsiy ma'lumotlar bazasining davlat reyestri yuritilishi va ro‘yxatga olinishi tartibini belgilaydi, shaxsiy ma'lumotlardan foydalanish jarayonida ularning himoyalanganligini ta'minlaydi.

Qonunda belgilanishicha, jismoniy shaxsga taalluqli bo‘lgan yoki uni identifikatsiya qilish imkonini beradigan, elektron tarzda, qog‘ozda va (yoki) boshqa moddiy jismda qayd etilgan axborot shaxsga doir ma'lumotlar hisoblanadi.

Qonun quyidagilarni nazarda tutadi:

— fuqarolar haqidagi maxfiy shaxsiy ma'lumotlarning hamma uchun ochiq manbalarga qo‘yilishi uchun uning yozma roziligi olinishi shart;

— fuqaro murojaatidan so‘ng u haqidagi maxfiy ma'lumotlar ochiq manbalardan olinishi lozim;

— shaxsga doir ma'lumotlarni o‘zgartirish va to‘ldirish sub'yektning murojaati asosida, ushbu murojaat berilgan paytdan e'tiboran uch kunlik muddatdan kechiktirmay mulkdor va (yoki) operator tomonidan amalga oshiriladi;

— haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan shaxsga doir ma'lumotlarni o‘zgartirish va to‘ldirish bunday nomuvofiqlik aniqlangan paytdan e'tiboran darhol amalga oshiriladi;

— shaxsga doir ma'lumotlarni davlat boshqaruvi organlariga berish bepul asosda amalga oshiriladi;

— sub'yekt o‘zining shaxsga doir ma'lumotlarini berishni rad qilgan taqdirda, o‘zining rad qilishi sabablarini ko‘rsatmaslik huquqiga ega;

— tarixiy, statistik, sotsiologik, ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish uchun shaxsga doir ma'lumotlarga ishlov berilayotganda mulkdor va operator, shuningdek uchinchi shaxs bu ma'lumotlarni egasizlantirishi shart.

Ko‘proq yangiliklar: