Atamboyev o‘ziga nisbatan ilgari surilgan ayblovlarni absurd deb atadi

Jahon 17:00 / 21.06.2019 13443

Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atamboyev parlament tomonidan unga nisbatan ilgari surilgan ayblovlarni absurd deb atadi. TASSga ko‘ra, siyosatchi juma kuni bu borada bayonot bilan chiqqan.

«Parlament tomonidan menga qarshi bildirilgan ayblovlar mutlaqo absurddir, huquqiy asosga ega emas, to‘qib chiqarilgan mish-mishlarga asoslangan va amaldagi prezidentning siyosiy raqibini bartaraf qilish istagi bilan yo‘g‘rilgan», — deb hisoblaydi Atamboyev.

Atamboyevning fikricha, u hukumat tomonidan siyosiy vajlar tufayli quvg‘inga duchor bo‘lgan, bularning barchasi ortida davlatning hozirgi rahbari Sooranboy Jeenbekov turibdi.

«Jeenbekov meni jim qilish uchun to‘qib chiqarilgan ayblov asosida noqonuniy sudlashdan boshqa usulni topa olmagan ko‘rinadi. Garchi bu yo‘lda eng iflos siyosatchilar va eng jirkanch usullardan foydalanilayotgan esa-da, uning qo‘lidan hech narsa kelmaydi», — deyiladi bayonotda.

Payshanba kuni Qirg‘iziston parlamenti Atamboyevning 6 epizod bo‘yicha qonunbuzarlikka aloqador ekanligi xususidagi maxsus deputatlik komissiyasi taklifini qo‘llab-quvvatladi. Parlament qarori Bosh prokuraturaga jo‘natilgan.

Agar Bosh prokuratura deputatlarning taxminlarini tasdiqlasa, parlament sobiq prezidentni daxlsizlikdan mahrum qilish bo‘yicha ovoz berish huquqiga ega bo‘ladi.

Ko‘proq yangiliklar: