Turkiyada davlat to‘ntarishiga urinishda ayblanayotganlar sudi - 24 kishi umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi

Jahon 18:00 / 20.06.2019 15536

Anqara sudi 2016 yil iyuldagi davlat to‘ntarishi ishi bo‘yicha ayblanayotgan 24 kishini umrbod qamoq jazosiga hukm qildi. Bu mazkur ish bilan bog‘liq eng ommaviy sudlardan biri bo‘ldi, deb yozadi Bi-Bi-Si.

Hukm o‘qilgan 24 kishi – davlat to‘ntarishiga urinishda ayblanayotganlarning bir qismi xolos. Mazkur ish bo‘yicha jami gumonlanuvchilar soni 224 nafarni tashkil etadi. 

24 kishidan 17 nafari bir necha martalik umrbod qamoq jazosini oldi, deb xabar beradi Onado‘lu axborot agentligi. Sud ularni mamlakat konstitutsiyasini buzish va prezident Erdo‘g‘anni o‘ldirishga urinishda aybdor deb topdi. Ularning aksariyati sobiq harbiylardir.

2016 yil 15 iyulda bir guruh harbiylar davlat to‘ntarishini amalga oshirishga uringandi. Isyonchilarni hisoblamaganda 250 kishi halok bo‘lgan, 2 mingdan ortiq kishi yaralangandi.

Turkiya hukumati ayblanuvchilar AQShda yashaydigan muxolifatchi Fathulloh Gulen bilan aloqador deb ta'kidlab keladi.

Gulenning o‘zi esa davlat to‘ntarishiga urinishga aloqadorligini qat'iyan rad etadi.

Erdo‘g‘anning ayrim tarafdorlari Turkiyaning amaldagi qonunlari izn bermasa-da, davlat to‘ntarishiga urinish aybdorlarini o‘lim jazosiga hukm qilishga chaqirgan. 

Ommaviy hibslar

Davlat to‘ntarishiga urinishdan buyon o‘tgan vaqt davomida Turkiya hukumati 40 mingdan ortiq kishini hibsga oldi, yana 150 ming kishi ishdan bo‘shatildi yoki chetlatildi. Ular orasida harbiylar, o‘qituvchilar, politsiyachilar bor.

Uch mingdan ortiq kishi ozodlikdan mahrum qilindi.

Davlat to‘ntarishiga urinish ishi bo‘yicha sud jarayonlari kamida 2019 yil oxirigacha davom etadi. 

Ayblanuvchilar davlat to‘ntarishiga urinishga aloqadorliklarini rad etishgan yoki faqat buyruq bajarishganini, aslida nima bo‘layotganini bilishmaganini aytishgan.

Generallar va polkovniklar

Maxsus qo‘shinlar bataloni qo‘mondoni bo‘lgan Murod Qo‘rqmas faqat buyruq bajarganini va qo‘l ostidagilarni armiya bosh qarorgohini egallash uchun jo‘natgan bo‘lsa-da, antiterror operatsiyasida ishtirok etyapman deb o‘ylaganini ta'kidladi.  

General Ahmad Bijan Kirker oqlov hukmigagina rozi bo‘lishini bildirdi.

General Go‘kxon Shahin So‘nmasotash davlat to‘ntarishiga urinishda ishtirok etganini tan olgan yagona ayblanuvchi bo‘lib, Fathulloh Gulen harakatiga aloqasi borligini rad etdi.

Ularning barchasi 2016 yildan buyon ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingandi.

Davlat to‘ntarishiga urinish chog‘ida isyonchi harbiylar armiya bosh qarorgohini egallab olgan va bosh qo‘mondon hamda qator generallarni garovga olgan.

Ular shuningdek, Egey dengizi sohilidagi villada dam olayotgan prezident Erdo‘g‘anni ham qo‘lga olishga urinishgan. Ammo davlat to‘ntarishiga urinish to‘g‘risidagi xabar Erdo‘g‘anga yetib borgan va u villani isyonchilar yetib kelishidan 15 daqiqa avval tark etgan.

Turkiyada mazkur ish bilan bog‘liq hibsga olishlar davom etmoqda.

Tanqidchilar bo‘lib o‘tayotgan sud jarayonlarini adolatli deb atab bo‘lmasligini ta'kidlashmoqda.

Hukumat nafaqat to‘ntarishga urinish yetakchilarini, balki o‘sha paytda xizmatda bo‘lgan va isyonni to‘xtatishga faol urinmagan harbiylarni ham hibsga olmoqda.

Bundan tashqari, Gulenning g‘oyalarini tarqatishda ayblanayotgan o‘qituvchilar ham hibsga olinmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: