O‘zbekistonda nega hamon loukoster kompaniyalar faoliyat boshlamadi?

O‘zbekiston 11:20 / 20.06.2019 12549

Bugun, 20 iyun kuni Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 27 noyabrdagi PF-5584-sonli «O‘zbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni ijrosi bo‘yicha MAK matbuot anjumani tashkil etildi.

Tadbir davomida Qozog‘istonda so‘nggi vaqtlar ichida ikkita loukoster kompaniya faoliyat boshlagani holda nega O‘zbekistonda bitta ham loukoster yo‘qligi haqida so‘raldi.

«Bu bo‘yicha ishlayapmiz, loukosterning o‘ziga xos jihatlari bor. Jahon bankidan umumiy loyiha bor. Qozog‘istondagi loukosterlar esa birinchidan qimmat, ikkinchidan dotatsiya oladi», deya «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK direktori o‘rinbosari Umid Husanovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yilning yanvarida O‘zbekiston hukumati tomonidan mamlakatga kam budjetli aviakompaniyalarni jalb etishni nazarda tutuvchi qaror qabul qilingandi. O‘tgan yilning 28 fevral kuni esa «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi raisining birinchi o‘rinbosari Umid Husanov 2018 yil oxirigacha «milliy loukosterni tashkil etish bo‘yicha ishlar» yakuniga yetishini ma'lum qilgandi. Xabarlarda O‘zbekistonda milliy loukoster tashkil etilishi, unda, masalan, Toshkentdan Moskvaga uchish narxi taxminan 100 dollar bo‘lishi aytilgandi.

  • Kam budjetli aviakompaniya (loukoster, diskaunter) — ekspluatatsiya xarajatlari past bo‘lgan aviakompaniya. Oddiy qilib aytganda, bir qator omillar hisobiga chiptalarni past bahoda sotishga qurbi yetadigan aviatashuvchi.

Keyinroq O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublika tashqarisiga transportda chiqish vaqtida xavfsizligini ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.

Unda 2018 yil 1 maygacha Vazirlar Mahkamasiga «O‘zbekiston havo yo‘llari» huzurida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublika tashqarisiga chiqayotgan fuqarolarni pasaytirilgan tariflarda tashuvchi kambudjetli aviakompaniya (loukoster) tashkil etish to‘g‘risida takliflarni kiritish nazarda tutilgan.

O‘tgan vaqt davomida Gretsiyaning Orange2Fly, Turkiyaning Pegasus Airlines, Vengriyaning Wizz Air loukoster kompaniyalari O‘zbekiston bozoriga kirishga qiziqish bildirayotgani to‘g‘risida xabarlar tarqalgan, ammo hanuz bu borada kelishuvlarga erishilmagan.

Shuningdek, Turkiyaning Atlasglobal, BAAdan Flydubai hamda Rossiyadan yana bir kompaniya O‘zbekiston bozorini kuzatmoqda.

ANNA.AERO kompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan marketing bo‘yicha mini tadqiqotda aytilishicha, O‘zbekiston — loukosterlar kirib borishi darajasi bo‘yicha Osiyodagi autsayderlardan biri.

Ma'lumot uchun, mamlakatga parvoz qiladigan yagona loukoster Toshkent va Bishkek o‘rtasida haftasiga ikki marta qatnaydigan Air Manas’dir.

Erkin bo‘lmagan osmon, qimmat yonilg‘i va vagonlar yetishmovchiligi: O‘zbekiston transport bozorida vaziyat qanday?

Ko‘proq yangiliklar: