O‘zbekiston Belarusga meva va poliz mahsulotlari yetkazib beradi 

O‘zbekiston 19:40 / 20.06.2019 5749

18 iyun kuni O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Belarus Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat vazirligi o‘rtasida qishloq xo‘jaligi hamda oziq-ovqat sanoati bo‘yicha ishchi guruhning birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati

Uchrashuvda Belarus va O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Belarus tomoni qishloq xo‘jaligida agrosanoat majmui sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qiziqish bildirgan bo‘lsa, O‘zbekiston tomoni sut ishlab chiqaruvchi zavodlarni yuqori texnologiyali uskunalar bilan jihozlash, chorvachilikda sutni ko‘paytirish uchun laboratoriyalarni tashkil qilish, o‘simliklarni yetishtirish, urug‘chilik va yem-xashak ishlab chiqarish sohasida Belarus resurslarini tejovchi texnologiyalarni joriy etish masalalari haqida fikr bildirdi. 

Shuningdek, 2018 yil 12-13 sentabr kunlari Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi chog‘idagi qishloq xo‘jaligi sohasidagi kelishuvlarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi va qishloq xo‘jaligi bo‘yicha O‘zbekiston-Belarus hukumatlararo komissiyasining navbatdagi majlisiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi.

Ishchi guruhi majlisi doirasida imzolangan shartnomaga ko‘ra, O‘zbekistondan Belarusga meva va poliz mahsulotlari yetkazib beriladi. 

Bundan tashqari, "Fan+ishlab chiqarish" formatidagi fan, ta'lim, ishlab chiqarish yo‘nalishlaridagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan Toshkent davlat agrar universiteti Andijon filiali, "Texmash" MChJ, “Blyuming” MChJ, «Beluniversalprodukt» UK o‘rtasida memorandum imzolandi. 

Foto: O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati
Ko‘proq yangiliklar: