Navoiy viloyati tarkibida G‘ozg‘on shahar hokimligi tashkil etiladi

O‘zbekiston 09:40 / 20.06.2019 12818

Normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portalida «Navoiy viloyati tarkibida G‘ozg‘on shahar hokimligini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori loyihasi joylashtirildi.

Qaror loyihasiga ko‘ra, Navoiy viloyatining G‘ozg‘on shahri va Nurota tumani chegaralari o‘zgarishi hamda G‘ozg‘on shahri viloyat bo‘ysunuvidagi shaharlar turkumiga kiritilishi munosabati bilan Navoiy viloyati bo‘ysunuvidagi G‘ozg‘on shahar hokimligi tashkil etiladi.

Bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshchiligidagi respublika komissiyasiga:

10 kun muddatda Navoiy viloyati tarkibida viloyatga bo‘ysunuvchi G‘ozg‘on shahar hokimligini tashkil etish bilan bog‘liq zarur tashkiliy texnik tadbirlar kompleksini ishlab chiqish va belgilangan muddatlarda amalga oshirilishini ta'minlash;

1 oy muddatda Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Navoiy viloyati hokimligi bilan birgalikda G‘ozg‘on shahri budjetining va uni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning prognoz parametrlarini belgilash;

Navoiy viloyati hokimligi bilan birgalikda G‘ozg‘on shahrini tashkil etish davrida iqtisodiyot tarmoqlarining aniq, barqaror va bir maromda ishlashi, shuningdek, yuzaga keladigan ijtimoiy masalalarning o‘z vaqtida hal etilishini ta'minlash topshirildi.

Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligiga ikki oy muddatda tashkil etilayotgan viloyatga bo‘ysunuvchi G‘ozg‘on shahrida huquqni muhofaza qiluvchi organlarning tuzilmalarini tashkil etish masalasini ko‘rib chiqish vazifasi yuklatildi.

Bundan avvalroq Vazirlar Mahkamasining 2019-2021 yillarda G‘ozg‘on shahrini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish to‘g‘risidagi qarori loyihasi e'lon qilingandi.

Dasturning asosiy yo‘nalishlari etib ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan yanada rivojlantirish, aholini ish bilan ta'minlash darajasi va farovonligini oshirish, G‘ozg‘on shahrini pardoz tosh qazib olish va ishlov berishga ixtisoslashgan sanoat shahriga aylantirish maqsadida mavjud foydali qazilmalar – marmar, granit konlarini o‘zlashtirish natijasida yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish va tabiiy resurslardan samarali foydalanish va hokazolar belgilangandi.

Dastur doirasida amalga oshiriladigan tadbirlarga barcha manbalar hisobidan 764,1 mlrd. so‘m miqdorida mablag‘lar yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.

G‘ozg‘on shahrining batafsil rejalashtirish loyihasini amalga oshirish orqali arxitektura qiyofasi tubdan o‘zgartiriladi, bunda:

  • umumiy uzunligi 81,7 kilometrdan iborat mintaqaviy yo‘llar (ichki ko‘chalar) quriladi va ta'mirlanadi.
  • elektr energiya ta'minoti tizimini yaxshilash maqsadida 36 kilometr yangi tarmoq hamda 15 ta transformator yangidan o‘rnatiladi, 11,2 kilometr tarmoqlar hamda 7 ta transformator modernizatsiya va rekonstruksiya, 25 km tarmoqlar hamda 10 ta transformatorlar mukammal ta'mirlanadi;
  • gaz ta'minoti tizimini yaxshilash maqsadida 3 kilometr tarmoqlar va 12 dona gaz tarqatish qurilmalari rekonstruksiya qilinadi hamda 125 ta yangi gaz balonlari aholi ehtiyoji uchun yetkazib beriladi;
  • 3 ta maktabgacha ta'lim muassasasi quriladi, 2 ta maktabgacha ta'lim muassasasi rekonstruksiya qilinadi hamda buning natijasida maktabgacha yoshdagi bolalar qamrovi 85 % dan 100 % ga yetkaziladi;
  • 2 ta maktab rekonstruksiya qilinadi, 3 ta maktab binosi va G‘ozg‘on shahar xalq ta'limi bo‘limi binosi yangidan quriladi;
  • 1 ta 100 qatnovli qishloq oilaviy poliklinikasi yangidan quriladi hamda buning natijasida tibbiyot muassasalarda 8,2 ming nafar aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati yaxshilanadi;
  • 1 ta sport muassasasi quriladi, 1 ta sport muassasasi rekonstruksiya qilinadi qo‘shimcha 1,5 ming nafar aholiga sport xizmatlarni ko‘rsatish sifati yaxshilanadi;
  • 13 ta ko‘p qavatli uy-joylar ta'mirlanadi hamda 10 ta yangi ko‘p qavatli uy-joylar quriladi.
Ko‘proq yangiliklar: