Dunyo aviakompaniyalari Airbus’ning yangi samolyoti uchun navbatga tura boshladilar

Jahon 21:20 / 20.06.2019 8726

Yevropaning Airbus SA konserni Le-Burjye xalqaro aviasalonining ilk 3 kuni ichida o‘zining uzoq masofalarga mo‘ljallangan tor fyuzelyajli A321XLR modeliga 270 tadan ko‘proq buyurtma oldi.

Aviasalonning 3-kuni Airbus’ning ushbu yangi modelidan dunyodagi eng yirik aviakompaniya American Airlines 50 dona buyurtirdi. 

Bundan tashqari, samolyot Avstraliyaning Qantas Airways Ltd aviakompaniyasida qiziqish uyg‘otdi va kompaniya 36 dona A321XLR’ga buyurtma berdi.

Yana 50 ta laynerga Indigo Partners guruhi va uning tarkibiga kiruvchi boshqa 3 ta aviakompaniya: Wizz Air (20 dona), Frontier (18 dona) va jetSMART (12 dona) buyurtma berdi.

A321XLR’ning ishlab chiqarilishi haqida 17 iyunda e'lon qilingan, birinchi samolyotlar 2023 yilda yetkazib berila boshlanadi. Samolyot 8,7 ming kmgacha masofalarga reyslarni bajara olishi kutilmoqda. Bu ko‘rsatkich A321LR’nikidan 15 foizga ko‘proqni tashkil qiladi. Airbus vakillarining ta'kidlashicha, yangi model aviakompaniyalarga avvalgi modellarga nisbatan bir yo‘lovchiga hisoblaganda yonilg‘ini 30 foizga tejash imkonini beradi. 

Yangi samolyotni hozirda keng fyuzelyajli samolyotlar uchayotgan, kamroq yuklangan uzoq magistral yo‘nalishlarda qo‘llash mumkin bo‘ladi.

Bundan tashqari, Taiwan China Airlines aviakompaniyasi 11 ta A321neo’dan sotib olishga va shunday samolyotdan 14 tasini lizingga olishga kelishuv imzoladi. Shuningdek, Irlandiyaning Accipiter Holdings lizing kompaniyasi 20 dona A320neo’dan xarid qilish bo‘yicha bitim tuzdi. 

Airbus aksiyalarining 20 iyunda Parij birjasidagi savdolar vaqtida narxi 0,4 foizga qimmatlagan. Yil boshidan esa kompaniya kapitallashuvi 47 foizga oshib, 95,2 mlrd yevroga yetgan.

Ko‘proq yangiliklar: