Sherzod Kudbiyev Koreyaga ishga jo‘natish bilan bog‘liq muammolar haqida gapirdi

O‘zbekiston 10:00 / 19.06.2019 11093

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi rahbari va mutasaddilari ishtirokidagi ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

O‘zA xabar qilishicha, muloqotda O‘zbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev Koreyaga ishga jo‘natish bilan bog‘liq muammolar, ularning yechimi xususida batafsil to‘xtalib o‘tdi.

«Avval Koreyaga ishga borish uchun tanlov imtihonlari bir joyda bo‘lgan, ishtirokchilar ro‘yxati agentlikka taqdim etilgan va kimning imtihonga kirish-kirmasligini ular hal etgan. Hozir ham bu huquq vazirlikning o‘zida qolgan. Yuzaga kelgan noxush holatlardan barchaning xabari bor, bu bevosita mening shaxsiy aybim ham. Holatni ikir-chikirlariga qadar o‘rganishim uchun qariyb bir yil vaqt ketdi», — deb ta'kidladi Sherzod Kudbiyev.

Vazirning ta'kidlashicha, tizimda har xil yo‘nalishda korrupsiya bo‘lgan. Ishtirokchilarning imtihondan o‘tganiga 2—3 oy vaqt bo‘lsa-da ular ro‘yxati Koreya bazasiga kiritilmagan. Bazaga kiritilmaganlarni koreyalik ish beruvchilar ko‘rmaydi. Vazirlik tizimida korrupsiyaga yo‘l qo‘ygan uchta boshqarma boshliqlari, turli darajadagi mas'ul xodimlar vazifasidan ozod qilingan. Yagona yechim shaffoflik. Bugungi kunda ishtirokchilar mehnat.uz saytiga pasport raqamlari orqali kirib, imtihon bilan bog‘liq barcha ma'lumotlarni olishi mumkin.

«Koreya bilan yuzaga kelayotgan holatlarda ikkita muammo bor», — dedi Sh.Kudbiyev. — Birinchisi imtihondan o‘tganlarning bilimi pastligi, koreys tilini yaxshi bilmasligi. Ikkinchisi shartnoma orqali Koreyaga ishga ketganlar u yerga borgach obektiv sabab bo‘lmasa ish joyini o‘zgartirmasligi lozim. Aksariyat borgan fuqarolar 6 oy o‘tib ish joyini o‘zgartiradi. Natijada ish beruvchining o‘zbekistonliklarga nisbatan ishonchi pasayadi. Endilikda bu holatlar uchramasligi uchun shartnoma tuzilib, bajarmaganlar jarimaga tortilmoqda. Maqsad ulardan pul undirish emas, O‘zbekiston imijini saqlash».

Ko‘proq yangiliklar: