Patrik Shanaxan Pentagon rahbari bo‘lishni istamadi

Jahon 00:49 / 19.06.2019 5363

Yanvardan beri Pentagon rahbari lavozimini bajarib kelayotgan va bu lavozimni doimiy asosda egallashga da'vogar hisoblangan Patrik Shanaxan o‘z nomzodini qaytartirib oldi. Bu haqda AQSh prezidenti Donald Tramp tvitterda ma'lum qildi. 

Trampning ta'kidlashicha, Shanaxan bu qarorni o‘z oilasiga ko‘proq vaqt ajratish maqsadida qabul qildi. “Men Patrikka bajargan ulkan ishi uchun minnatdorman va mudofaa vaziri lavozimini bajaruvchi etib armiya vaziri Mark Esperni tayinlayman. Men Markni bilaman va u o‘z ishini fantastik bajarishiga shubham yo‘q”, deb yozgan AQSh prezidenti.

Shanaxan Jyeyms Mettis o‘rnini egallagandi. Oq uy may oyida prezident Shanaxan nomzodini Pentagon rahbari lavozimiga ilgari surganini e'lon qilgandi. Ushbu lavozimga nomzodni senat ma'qullaydi.

NBC News telekanali o‘tgan hafta o‘z manbalariga iqtibos keltirgan holda Tramp Shanaxan nomzodi borasida shubhalana boshlagani va o‘z maslahatchilaridan boshqa nomzodlar haqida so‘ray boshlaganini ma'lum qilgandi. Nomzodlar orasida Mark Esper ismi ham aytilgan.

Ko‘proq yangiliklar: