O‘zMUda kadrlar tayyorlash tizimi tubdan takomillashtiriladi - Prezident qarori

O‘zbekiston 09:10 / 19.06.2019 20215

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida talab yuqori bo‘lgan malakali kadrlar tayyorlash tizimi tubdan takomillashtiriladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2019-2023 yillarda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida talab yuqori bo‘lgan malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va ilmiy salohiyatni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida 2019−2023 yillarda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetini kompleks rivojlantirish dasturini ishlab chiqish belgilandi.

Hujjatda qayd etilishicha, O‘zMUda yuqori malakali kadrlar tayyorlash, ilm-fanni va serqirra iqtidor sohibi bo‘lgan inson kapitalini rivojlantirishga jiddiy to‘siq bo‘layotgan bir qancha muammolar va nuqsonlar aniqlandi. Keyingi yillarda universitetning Milliy universitet maqomini qaror toptirish uchun amaliy va samarali chora-tadbirlar ta'minlanmagan.

«Universitet nufuzli xalqaro agentliklar reytingiga kirmaydi, olimlarning ilmiy maqolalaridan xalqaro iqtibos keltirish darajasi pastligicha qolmoqda, talabalar ma'lum bir qismining ilm-fanga intilishi va qiziqishi juda sust ekanligi kuzatilmoqda», deya qayd etilgan hujjatda.

Shu bilan birga tanqidiy va har tomonlama tahlillarda yuqori malakali kadrlar tayyorlash, ilmiy va ko‘p qirrali inson kapitalini rivojlantirish sohasida jiddiy to‘g‘anoq va to‘siq bo‘layotgan kompleks kamchiliklar va muammolar aniqlandi. Keyingi yillarda universitetning Milliy universitet maqomiga munosib bo‘lishi uchun amaliy va samarali chora-tadbirlar ta'minlanmadi. Shu jumladan:

birinchidan – har bir fakultet va kafedra bo‘yicha ta'limning yo‘nalishlari va mutaxassisliklari tarkibi, shuningdek, qabul kvotalari real ehtiyojdan ancha orqada qolmoqda, ko‘pincha hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlariga, mehnat bozori va kadrlarning buyurtmachilari ehtiyojlariga mos kelmaydi. Bitiruvchilarning ishga joylashtirilishi hamma vaqt ham egallangan mutaxassislikka muvofiq emas;

ikkinchidan – ta'lim jarayoniga, shu jumladan, sinovdan o‘tgan va xalqaro standartlarga muvofiq bo‘lgan zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy etish darajasi past. Ta'lim jarayonini o‘quv-metodik ta'minlash va uning mazmuni iqtisodiyot tarmoqlarining innovatsion va texnologik rivojlanishidan orqada qolmoqda, talabalarning nazariy va ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish samarali emas;

uchinchidan – universitetni, shu jumladan, o‘quv-tarbiyaviy va ilmiy jarayonni samarali boshqarishni ta'minlash uchun kadrlar zaxirasini tayyorlashning aniq ifodalangan tizimi mavjud emas. Ayrim pedagog kadrlarning kasbiy mahorati darajasi yetarli emasligi, malaka oshirish kurslarining, pedagog va ilmiy xodimlar stajirovkasining samarasizligi, magistrantlar va dissertantlarning rahbarlari va maslahatchilarini tayinlashda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining ilmiy-tadqiqot institutlari salohiyatini sust jalb etish, turli dasturlar, shu jumladan, chet elda magistratura bo‘yicha kadrlar tayyorlashning tizimsizligi saqlanib qolmoqda;

to‘rtinchidan – universitet o‘qituvchilarining atigi 59,0 foizi ilmiy darajaga ega, fan doktorlarining o‘rtacha yoshi 61 yoshni, fan nomzodlarining o‘rtacha yoshi – 54 yoshni tashkil etmoqda. Universitet nufuzli xalqaro agentliklar reytingiga kirmaydi, olimlarning ilmiy maqolalaridan xalqaro iqtibos keltirish darajasi pastligicha qolmoqda, talabalar ma'lum bir qismining ilm-fanga intilishi va qiziqishi juda sust ekanligi kuzatilmoqda;

beshinchidan – universitet axborot tizimining mazmuni, unumdorligi va sifati, shuningdek, IT mutaxassislarining o‘z ishini bilishi past darajada qolmoqda. Yuqori tezlikdagi Internet tarmog‘idan foydalanish imkoniyati yo‘q, universitet hududining atigi 7,0 foizida Internetga, shu jumladan, xorijiy axborot ta'lim resurslariga simsiz ulanish mumkin;

oltinchidan – yetakchi xorijiy ixtisoslashgan ilmiy markazlar bilan, ayniqsa ilmiy stajirovkalar asosidayaqin sheriklik munosabatlarini o‘rnatish ishlari zarur tarzda amalga oshirilmayapti, universitetning o‘quv va ilmiy faoliyatiga jalb etilgan xorijiy professorlar va o‘qituvchilar soni yetarli emas;

yettinchidan – o‘tkazilgan sotsiologik tadqiqotlar yigitlar va qizlar, shuningdek, yosh pedagoglar bilan olib borilayotgan ma'naviy-ma'rifiy ishlarni aniq mazmun bilan to‘ldirish, ularda bilimga intilishnigina emas, balki insonparvarlikning milliy an'analariga sodiqlik va yuksak ma'naviyatni tarbiyalash, yot g‘oyalar va mafkuralarga nisbatan tanqidiy tafakkur va immunitetni mustahkamlash zarurligini ko‘rsatmoqda.

Rektorat, fakultetlar va kafedralarning ko‘pchilik rahbarlari ushbu muhim ishdan o‘zlarini chetga olishgan, ularning talabalar turar joylarida yoshlar bilan uchrashuvlari soni juda kam. Dam olish, ko‘plab tadbirlarning, shu jumladan, madaniy-ommaviy va sport tadbirlarining darajasi pastligicha qolmoqda;

sakkizinchidan – ayrim fakultetlar, akademik litsey, sport inshootlari va talabalarning dala amaliyotlari o‘tadigan joylarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun amaliy chora-tadbirlar ko‘rilmayapti. Ilmiy-tadqiqot laboratoriyalarida zamonaviy asbob-uskunalar yetishmaydi. Talabalar yashash joylarida o‘rinlar taqchilligi mavjud, shuningdek, universitet xodimlari va chet eldan taklif qilinadigan mutaxassislar uchun turar joy yetarli emas;

to‘qqizinchidan – universitetni rivojlantirishda oliy ta'lim muassasalari menejmentining zamonaviy usullar va ilg‘or amaliyotga asoslangan aniq ifodalangan strategiyasi mavjud emas. Moliyalashtirish tizimini qayta ko‘rib chiqish va optimallashtirish, shuningdek, mablag‘lardan, eng avvalo budjet mablag‘laridan oqilona va samarali foydalanishning shaffof mexanizmlarini joriy etish talab qilinadi;

o‘ninchidan – dekanatlar va kafedralar rahbarlari, shuningdek, professor-o‘qituvchilar tarkibi mehnati samaradorligini baholashning va keyinchalik ularni moddiy rag‘batlantirishning reyting tizimi joriy etilmagan.

Ko‘rsatib o‘tilgan kamchiliklar va muammolar Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti (A.R.Marahimov) va O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi (I.U.Majidov) rahbariyatida talabchanlik, maqsadga yo‘naltirilganlik va yuqori malakali, yangicha fikrlaydigan kadrlar tayyorlashning xalqaro standartlariga javob beradigan zamonaviy shakllari va usullarini izlash, yaratish va faol joriy etish, oliy ta'lim ilm-fanining ulkan salohiyatidan samarali foydalanish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining jadal rivojlanishiga faol ulush qo‘shishga tayyor va qodir bo‘lgan munosib talaba-yoshlarni har tomonlama tayyorlash bo‘yicha shaxsiy tashabbus mavjud emasligining to‘g‘ridan-to‘g‘ri oqibati hisoblanadi.

Universitetda quyidagilar tashkil qilindi:

2019/2020-o‘quv yilidan muhandislik matematikasi, kompyuter fanlari va texnologik menejment yo‘nalishlari bo‘yicha O‘zbekiston—Isroil fakulteti;

2020/2021-o‘quv yilidan va keyingi yillarda — «Amaliy matematika va intellektual texnologiyalar», «Biofizika va muhandislik tadqiqotlari», «Fundamental tibbiyot va biokimyo» fakultetlari.

S.Sirojiddinov nomidagi akademik litsey tabiiy va aniq fanlarga ixtisoslashtirilgan S.Sirojiddinov nomidagi respublika akademik litseyi etib qayta tashkil etildi.

Ta'lim va ilm-fan sohasidagi barcha davlat tashkilotlarida ilmiy-pedagogik va mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan xodimlarning oylik ish haqiga 2019 yil 1 sentyabrdan boshlab fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) darajasiga ega bo‘lgan xodimlarga 30 foizgacha, fan doktori (Doctor of Science) darajasiga  ega bo‘lgan xodimlarga 60 foizgacha qo‘shimcha haq to‘lash tartibi to‘g‘risida hukumat qarori loyihasi ishlab chiqiladi.

Ko‘proq yangiliklar: