Yangi Zelandiyada masjidlardagi teraktlar videosini tarqatgan shaxs 21 oyga qamaldi

Jahon 09:40 / 18.06.2019 7064

Yangi Zelandiyaning Kraystcherch shahri okrug sudi shahardagi masjidlarda sodir etilgan otishmalar haqidagi materiallarni tarqatishda ayblangan 44 yoshli Filip Arpsni 21 oylik qamoq jazosiga mahkum qildi. Bu haqda The New Zealand Herald nashri xabar berdi. 

Sud jarayoni vaqtida Arps masjidlarga hujum videosini tarqatishdagi aybini hamda bu videolarga “halok bo‘lganlar sonini ko‘rsatuvchi hisoblagich va nishonga olgich tasvirlarini qo‘shib qo‘yganini” tan olgan. Sudya ayblanuvchiga nisbatan hukm chiqarayotib, Arps teraktning keyingi kuni hujum videoyozuvini tarqatib “o‘ta shafqatsizlik” namoyish qilgani va buni “musulmonlarga nafrat” negizida amalga oshirganini ta'kidlab o‘tgan. Sudya real qamoq jazosining shartlisi bilan almashtirilishi haqidagi iltimosni darhol rad etib, bu holatda ushbu qonunbuzarlik yana takrorlanishi mumkinligi xavfi yuqoriligini aytgan.

Politsiya ma'lumotlariga ko‘ra, Kraystcherchda yashovchi Arps 2019 yil 15 mart kuni Brenton Tarrant tomonidan amalga oshirilgan terakt videoyozuvi bilan ijtimoiy tarmoqlarda bo‘lishgan. Keyingi kun u ushbu materiallarga “qurbonlar sonini ko‘rsatuvchi hisoblagich va nishonga olgich tasvirlarini qo‘shib”, ularni yana tarqatgan. Masjidlarga hujum videosi 15 mart kuni nomaqbul topilib, uni tarqatish taqiqlangan.

15 mart, juma kuni Kraystcherchdagi ikkita masjidga uyushtirilgan hujum oqibatida 50 kishi halok bo‘lgandi, 50 kishi jarohatlangandi. Ushbu jinoyatni sodir etish gumoni bilan avstraliyalik 28 yoshli Brenton Tarrant qo‘lga olindi.

Ko‘proq yangiliklar: