Turkmaniston prezidenti o‘z o‘g‘lini viloyat rahbari etib tayinladi 

Jahon 22:09 / 18.06.2019 23397

Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov o‘z o‘g‘li Sardorni sobiq Ashxobod, hozirda Ahal viloyatiga rahbar etib tayinladi. Bu haqda Turkmaniston davlat axborot agentligi xabar berdi.  

Ahal viloyati Turkmaniston poytaxti Ashxobod alohida ma'muriy birlik qilib ajratilgandan keyin paydo bo‘lgan. Sardor Berdimuhamedov bungacha viloyat rahbari o‘rinbosari lavozimini egallab kelgan. U bu lavozimga joriy yanvarda tayinlangan. Sardor boshqa ishga o‘tkazilgan Shuhrat Amangeldiyev o‘rnini egallaydi.

Prezidentning 37 yoshli o‘g‘li mamlakat qurolli kuchlari podpolkovnigi hisoblanadi. 2016 yilda mamlakat parlamentiga saylangan, 2018 yil martida esa tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari lavozimini olgan.

Prezidentning o‘g‘li boshqaradigan viloyatda 900 mingdan ko‘proq kishi yoki Turkmaniston jami aholisining 14 foizi yashaydi. Viloyat hissasiga jami qishloq xo‘jaligi mahsulotining 23 foizi, sanoat ishlab chiqarishining 31 foizi va mamlakatda olinuvchi tabiiy gazning 44 foizi to‘g‘ri keladi. 

Mutaxassislarning fikricha, aynan Sardor Berdimuhamedov otasining o‘rnini egallashga asosiy nomzod hisoblanadi. Ta'kidlanishicha, u borgan sari ko‘proq otasi bilan ommaviy tadbirlarda ishtirok etmoqda, rasmiy materiallarda u “xalq o‘g‘loni” deb ataladi va mamlakatni rivojlantirishdagi, jumladan jismoniy tarbiya va sport sohasidagi hissasi ta'kidlab o‘tiladi.

Ko‘proq yangiliklar: