Shavkat Mirziyoyev avgust oyida Belarusga boradi

O‘zbekiston 18:20 / 18.06.2019 6505

Avgust oyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Belarusga rasmiy tashrif bilan boradi. Bu haqda Belarus-O‘zbekiston ikki tomonlama hamkorligi bo‘yicha hukumatlararo komissiya yig‘ilishida ma'lum qilindi.

Bugun, 18 iyun kuni Minskda Belarus bosh vaziri o‘rinbosari Vladimir Dvornik Belarus-O‘zbekiston ikki tomonlama hamkorligi bo‘yicha hukumatlararo komissiya yig‘ilishida qatnashdi.

«Agrosanoat majmui, mashinasozlik, oziq-ovqat va farmatsevtika, yengil sanoat sohalari hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari hisoblanadi. Sanoat kooperatsiyasi, qo‘shma korxonalar tashkil etishga alohida e'tibor qaratamiz. O‘zbekistonda yuk, maxsus va tirkama texnika, gaz yonilg‘isida ishlaydigan avtobuslar ishlab chiqarish bo‘yicha keng miqyosli loyihalarni amalga oshirishni taklif qilamiz. Minsk avtomobil zavodi yuqori darajadagi lokalizatsiya bilan ana shunday ishlab chiqarishlar tashkil etishga tayyor», - dedi Vladimir Dvornik.
Vladimir Dvornikning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston mahsulotlari, birinchi navbatda, sarxil va qayta ishlangan meva-sabzavotlar, yong‘oqlar, paxta tolasi, mis simlar va boshqa mahsulotlarga qiziqish yuqori.

Tadbir davomida shu yilning avgust oyida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Belarusga rasmiy tashrifi rejalashtirilayotgani ma'lum bo‘ldi.

Ko‘proq yangiliklar: