Senatning navbatdagi yalpi majlisi 21 iyun kuni chaqiriladi

O‘zbekiston 20:40 / 18.06.2019 9153

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirmanchi yalpi majlisi 21 iyun kuni Toshkent shahrida chaqiriladi. Bu haqdagi qaror Oliy Majlis Senati Kengashining 18 iyun kuni bo‘lib o‘tgan majlisida qabul qilindi.

Foto: Oliy Majlis Senati matbuot-xizmati

Yalpi majlis kun tartibiga yangi tahrirdagi “Turizm to‘g‘risida”gi, “Shaxsga doir ma'lumotlar to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining Hisob palatasi to‘g‘risida”gi, “Qurol to‘g‘risida”gi, “Xalqaro mehnat tashkilotining 1930 yildagi Majburiy mehnat to‘g‘risidagi 29-sonli Konvensiyasiga Bayonnomani (Jyeneva, 2014 yil 11 iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari kiritilgan.

Shuningdek, yalpi majlisda Navoiy viloyatining Navoiy shahri va Karmana tumani chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqiladi.

Senatorlar tomonidan Sirdaryo viloyati hokimining hududlarni rivojlantirish hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati haqidagi hisoboti ham eshitiladi.

Senat a'zolari istiqbolli turizm yo‘nalishida O‘zbekiston xalqaro imijini oshirish choralari to‘g‘risida, Ichki ishlar vazirligi akademik litseylarida qonun hujjatlari ijrosi holati to‘g‘risida hukumatga parlament so‘rovlari yuborish masalasini muhokama qiladilar, shuningdek ilgari yuborilgan parlament so‘rovlari natijalarini ko‘rib chiqadilar.

Axborot berilishicha, yalpi majlisda Oliy Majlis Senatining vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ham muhokama qilinadi.

Ko‘proq yangiliklar: