Bosh prokuratura: «Ilhom» teatri rahbarining qotili O‘zbekistonga qaytarilgan

O‘zbekiston 11:50 / 18.06.2019 35158

«Ilhom» teatri asoschisi Mark Vaylning qotili O‘zbekistonga qaytarildi. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati Kun.uz’ga ma'lum qildi.

«2019 yilning 12 fevralida O‘zbekiston Bosh prokuraturasi tomonidan Tojikiston Bosh prokuraturasi so‘rovi bo‘yicha jazo muddatini o‘tayotgan G‘afurov.Yo.A Tojikiston hududida ikki va undan ortiq kishini qasddan o‘ldirish, o‘qotar qurollarni noqonuniy saqlash, bezorilik va davlat mansabdor shaxslariga nisbatan zo‘ravonlik ishlatish singari jinoyatlarni sodir etgani uchun jinoiy javobgarlikka tortish maqsadida uch oy muddatga qo‘shni davlat vakolatli organlari qo‘liga topshirilgan edi.

2019 yil 7 may kuni G‘afurov.Yo.A Tojikistonning vakolatli organlari tomonidan O‘zbekistonga qaytarildi.

Hozirda u O‘zbekiston hududida sodir etgan jinoyatlari uchun o‘ziga berilgan jazo muddatini o‘tashda davom etmoqda», — deyiladi Bosh prokuratura xabarida.

Ma'lumot uchun, 2010 yil 17 fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi Yoqub G‘afurovni O‘zbekiston hududida bir qator jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topib, 20 yil muddatga ozodlikdan mahrum etgan edi. Jumladan, Yoqub G‘afurov sheriklari Alisher Sattorov va Qahramon Po‘latov bilan «Ilhom» teatri asoschisi Mark Vaylning o‘limida aybdor deb topilgan.

«Ilhom» teatri rahbari va asoschisi, rejissyor Mark Vayl 2007 yilning 6 sentyabrida, teatrning 32-mavsumi ochilishidan bir kun oldin o‘z uyi pod'yezdida pichoqlab ketilgandi. Og‘ir tan jarohatlarini olgan 55 yoshli Mark Vayl shifoxonada vafot etgan.

Mark Vayl Toshkent, Moskva, Bolgariya, sobiq Yugoslaviya va AQShda o‘z spektakllarini qo‘yishga muvaffaq bo‘lgan. 1995 yilda «Ilhom» teatri qoshida teatr san'ati maktabini ochgan. Dunyoning turli davlatlaridagi teatr san'ati maktablari va universitetlarida leksiyalar o‘qigan.

Mark Vaylning Toshkent va Sietl (AQSh)da qo‘ygan «Tortil-Flet kvartali» (1996 y.) spektakli O‘zbekiston teatrlari festivalida eng yaxshi rejissyorlik asari uchun mukofotga loyiq topilgan.

Ko‘proq yangiliklar: