Prezident qishloq xo‘jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmonni imzoladi

O‘zbekiston 19:31 / 17.06.2019 12508

Qishloq xo‘jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida O‘zbekiston Prezidentining farmoni imzolandi.

Hujjat bilan, Qishloq xo‘jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish konsepsiyasi, mazkur konsepsiyani amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”, 2020-2030 yillarda qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlarning prognoz ko‘rsatkichlari hamda 2019-2022 yillar davomida qishloq xo‘jaligi yerlarida suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilishning prognoz ko‘rsatkichlari tasdiqlandi.

Shuningdek, farmonga muvofiq, qishloq xo‘jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish konsepsiyasini amalga oshirish doirasida xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik qilish va davlat-xususiy sheriklikni joriy etish bo‘yicha ishchi guruhi tarkibi ham tasdiqlansin.

Ishchi guruhiga:

xalqaro moliya institutlarini jalb qilgan holda eksperiment tariqasida 2019 yilda Namangan viloyatining Pop va Mingbuloq tumanlarida Konsepsiyani amalga oshirish tajribasini yaratish;

eksperiment natijalari asosida 2019 yil 1 noyabrga qadar Konsepsiyani amalga oshirish tajribasini boshqa hududlarda joriy etish, shu jumladan yer va suvdan foydalanish sohasida davlat-xususiy sheriklikning aniq shartlarini, qo‘shimcha imtiyozlar, alohida imtiyozli kredit liniyalarini hamda foydalanishga kiritilgan yer va suvdan foydalanish tartibini nazarda tutuvchi hukumat qarori loyihasini ishlab chiqish va Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirildi.

Hujjatda Konsepsiyani amalga oshirish doirasida irrigatsiya-melioratsiya tarmoqlarini tiklash, rekonstruksiya qilish, suv tejaydigan texnologiyalarni joriy etish hamda suvsizlikka chidamli ekinlarni ekish orqali foydalanishga kiritish uchun investitsiyaviy shartnoma yoki davlat-xususiy sheriklik asosida 50 yilgacha bo‘lgan muddatga:

qishloq xo‘jaligida foydalanishdan chiqib ketgan sug‘oriladigan yerlar, shuningdek, lalmi va o‘rmon fondi yerlari – O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va qishloq xo‘jaligi korxonalariga;

yaylov, bo‘z, ko‘p yillik daraxtzorlar va boshqa yerlar – O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, qishloq xo‘jaligi korxonalariga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi rezidenti bo‘lgan investorlarga berilishi belgilandi.

Konsepsiyani amalga oshirish doirasida yer maydonlarini foydalanishga kiritishda:

  • yerdan foydalanuvchilarga qishloq xo‘jaligi ekinlarini mustaqil joylashtirish, yerga ishlov bermasdan ekin ekish va yerlarni ikkilamchi ijaraga berish huquqi beriladi;
  • mazkur yer maydonlari maqbullashtirilmaydi, yer uchastkasi yoki uning bir qismi davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishiga yerdan foydalanuvchi roziligi asosida sarf etilgan mablag‘larning bozor qiymati va olib qo‘yish sababli yetkazilgan zararning o‘rni to‘liq qoplanganidan so‘nggina ruxsat etiladi;
  • ushbu yer maydonlarida barpo etiladigan infratuzilma obektlarini (dala shiypon, mahsulotlar saqlanadigan omborxonalar, sug‘orish inshootlari va boshqalar) joylashtirishga ruxsat beriladi;
  • yerdan foydalanuvchilarning ehtiyojlari uchun olib kelinadigan va respublikada ishlab chiqarilmaydigan xom-ashyo, materiallar, texnika, asbob-uskunalar, ehtiyot qismlar Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda bojxona to‘lovlari (qo‘shilgan qiymat solig‘idan tashqari) to‘lashdan ozod qilinadi;
  • qonunchilikda belgilangan imtiyozli davr yakunlanganidan so‘ng, yangidan foydalanishga kiritilgan yer uchastkasiga nisbatan 10 yil davomida ushbu yer uchastkasi foydalanishga kiritilgunga qadar belgilangan soliq stavkalari qo‘llaniladi;
  • investitsiyaviy shartnoma yoki davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimda nazarda tutilgan hollarda Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan har bir gektar qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni foydalanishga kiritish bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizi, lekin bazaviy hisoblash miqdorining 50 barobaridan oshmagan qismi qoplab beriladi;
  • investitsiyaviy shartnoma yoki davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimda nazarda tutilgan hollarda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan yerlarning suv ta'minoti tizimlarini qurish, rekonstruksiya qilish uchun jalb etilgan kreditlarning bir gektar hisobiga 40 million so‘mdan oshmaydigan qismiga tijorat banklari tomonidan belgilangan foiz stavkasining 5 foizlik punkti qoplab beriladi;
  • yer maydonlari investitsiyaviy shartnoma yoki davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim imzolanganidan so‘ng qonun hujjatlarida vakolat berilgan davlat organi (mansabdor shaxs)ning qaroriga asosan ajratib beriladi.

Shunday tartib o‘rnatildiki, unga muvofiq:

sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yerlari maxsus muhofazaga olinib, ushbu yerlarni qishloq xo‘jaligidan boshqa maqsadlarga, shu jumladan sanoat va fuqarolik obektlari (binolar va inshootlar) qurilishi uchun ajratilishiga yo‘l qo‘yilmaydi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan ajratiladigan yerlar bundan mustasno;

qishloq xo‘jaligidan boshqa maqsadlarda foydalanish uchun olib qo‘yiladigan sug‘oriladigan yerlar uchun kompensatsiya to‘lovi, olib qo‘yilayotgan yer maydonlari joylashgan joylarni hisobga oluvchi koeffitsiyentlar qo‘llanilmagan holda, xuddi shunday yangi yerlarni o‘zlashtirish uchun talab etiladigan mablag‘ning 10 barobari, lalmi yerlar va sug‘orilmaydigan ko‘p yillik daraxtzorlar egallagan yerlar, pichanzorlar va yaylovlar holatini tubdan yaxshilash bilan bog‘liq xarajatlarning 20 barobari miqdorida hisoblanadi.

Bunda sug‘oriladigan yerlar uchun kompensatsiya to‘lovining 90 foizi, lalmi yerlar va sug‘orilmaydigan ko‘p yillik daraxtzorlar egallagan yerlar, pichanzorlar va yaylovlar uchun kompensatsiya to‘lovining 95 foizi Respublika budjetiga hamda mos ravishda 10 va 5 foizi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar yer resurslari va davlat kadastri boshqarmalarining maxsus hisob raqamlariga o‘tkaziladi.

Ushbu me'yor o‘zboshimchalik bilan yerlarning qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqishiga sabab bo‘lgan hollarda yetkazilgan zararni hisoblashda ham qo‘llaniladi hamda hisoblangan mablag‘larning 95 foizi Respublika budjetiga va 5 foizi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi hamda uning hududiy inspeksiyalarining rivojlantirish jamg‘armasiga undiriladi;

sug‘oriladigan yerlar hisobidan bog‘dorchilik, uzumchilik va boshqa ko‘p yillik daraxtzorlar hamda issiqxona xo‘jaliklarini tashkil etish uchun yer ajratish Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartib asosida amalga oshiriladi;

yangi fermer xo‘jaliklari va suv iste'molchilari uyushmalari suvdan foydalanish joylarida suvni boshqarish va hisobga olish vositalari bilan majburiy tarzda jihozlash sharti bilan tashkil etiladi;

yer maydonlarini foydalanishga kiritish suvni tejovchi texnologiyalardan (tomchilatib, yomg‘irlatib, tuproq ostidan tomchilab sug‘orish va boshqalardan) foydalangan holda amalga oshiriladi.

Ko‘proq yangiliklar: