Misrning sobiq prezidenti Muhammad Mursiy vafot etdi

Jahon 21:10 / 17.06.2019 33545

Misrning sobiq prezidenti Muhammad Mursiy 67 yoshida vafot etdi. 

2011 yilgi inqilobdan keyin hokimiyat tepasiga kelgan siyosatchi 2013 yilda hokimiyatdan chetlatilgandi.

Umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan siyosatchi navbatdagi sud yig‘ilishi vaqtida olamdan o‘tgan.

Reuters xabariga ko‘ra, Mursiy o‘zi asosiy ayblanuvchi bo‘lgan josuslik ishi ko‘rilgan Qohiradagi sudda vafot etgan. Sud majlisidan keyin u hushini yo‘qotgan va jon bergan.

Mursiy Falastindagi HAMAS va Livandagi «Hizbulloh» tashkilotlari bilan ham aloqadorlikda ayblangan.

Muhammad Mursiy 2012 yili Misr tarixidagi ilk demokratik yo‘l bilan saylangan prezidentga aylangan edi. U «arab bahori» voqealaridan keyin sobiq prezident Husni Muborak ag‘darilgach o‘tkazilgan demokratik saylovlarda g‘olib bo‘lgandi - u «Musulmon birodarlar» harakati ko‘magi bilan hokimiyat tepasiga kelgan edi. Oradan bir yil o‘tib, Mursiy harbiy to‘ntarish natijasida hokimiyatdan chetlatilgan - 2013 yil iyulida Abdul Fattoh as-Sisiy hukumat tepasiga kelgan va «Musulmon birodarlar»ni terrorchi tashkilot deb e'lon qilgan.

2015 yil aprelida Mursiy prezidentligi vaqtida namoyishchilarni hibsga olish va qiynoqqa solishga buyruq berishda ayblangan, keyinroq 2011 yilgi qamoqdan qochish va undan keyingi ommaviy tartibsizliklar uchun aybdor deb topilib, o‘lim jazosiga hukm qilingan edi. Keyinroq hukm o‘zgartirilgan — Mursiy umrbod ozodlikdan mahrum etilgan edi.

Misrdagi nashrlar ma'lumotiga ko‘ra, Mursiy infarktdan vafot etgan. Uning sog‘ligidagi muammolar haqida avval ma'lum qilinmagandi.

Ko‘proq yangiliklar: