"Korrupsiya - adolat kushandasi" mavzusida kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari o‘rtasida Respublika insholar tanlovi o‘tkazilmoqda

Jamiyat 10:30 / 17.06.2019 3907

"Korrupsiyaga qarshi kurashda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar qanchalik harakat qilmasin, xalqimiz bu jirkanch illatga murosasiz bo‘lmas ekan, ta'sirchan jamoatchilik nazoratini o‘rnatmas ekan, bu baloga qarshi samarali kurashni tashkil eta olmaymiz. Bu illat bilan nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, balki har bir jamoa jiddiy kurashishi kerak. Shuning uchun har bir davlat idorasida jamoatchilik tomonidan nazorat qilinadigan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha o‘z ichki dasturlari bo‘lishi shart".

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning
mamlakatimiz Konstitutsiyasi qabul
qilinganining 26 yilligiga bag‘ishlangan
tantanali marosimdagi ma'ruzasidan.

Ma'lumki, mamlakatimizda so‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasining "Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi Qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 2 fevraldagi "Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PQ-2752-sonli qarori asosida korrupsiyaga qarshi kurash borasidagi ishlar mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi.

Muhtaram Yurtboshimizning tashabbusi bilan butun mamlakatda tom ma'noda korrupsiyaga qarshi urush e'lon qilindi, shu sababli loqaydlik, befarqlik, ikkiyuzlamachilik, tovlamachilik, firibgarlik, urug‘-aymoqchilik, tanish-bilishchilik, poraxo‘rlik kabi illatlarning sodir etilishiga qarshi kurashda barchaning faolligi yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.

Shu ma'noda, kasb-hunar kollejlarini tamomlab, katta hayotga qadam qo‘yayotgan 3-bosqich o‘quvchilari ong-u tafakkurida korrupsiyaga qarshi murosasiz kayfiyatni shakllantirish, ularning bu illatga qarshi mustahkam immunitetga ega bo‘lishi muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki mazkur yoshlar kollejni bitirgandan keyin muayyan davlat va jamoat tashkilotlarida, mehnat jamoalarida faoliyat ko‘rsatishi, o‘z hayoti davomida korrupsiya bilan bog‘liq holatlarga duch kelishi, bu illatning qurboniga yoki uning ijrochisiga aylanishi xavfi bor.

Shu sababli kasb-hunar ta'limi tizimida korrupsiyaga qarshi kurashning samarali mexanizmini joriy etish maqsadida alohida tarmoq dasturi ishlab chiqilgan va shu asosda bir qator ijobiy ishlar va tashabbuslar amalga oshirib kelinmoqda.

Jumladan, Kasb-hunar ta'limi Markazining 2019 yil 27 maydagi 269-sonli buyrug‘i asosida joriy yilning 15 iyun kuni barcha kasb-hunar kollejlari 3-bosqich o‘quvchilari o‘rtasida "Biz yoshlar yurtimizga xizmat qilishda vijdonli, insofli va halol bo‘lishimiz shart!" shiori ostida "Korrupsiya - adolat kushandasi" mavzusida Respublika insholar tanlovi o‘tkazilmoqda.

Tanlovni o‘tkazishdan asosiy maqsad - yoshlarning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha bilimlarini yanada mustahkamlash, huquqiy savodxonligi va madaniyatini oshirish, yoshlarimizni davlat va jamiyat hayotining barcha sohalaridagi mavjud korrupsiyadan ogohlantirish, korrupsion huquqbuzarliklar sodir etilgani uchun jazo muqarrar ekanligini chuqur anglatishdan iborat.

Tanlovda yoshlarimizning mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish, barchaning halol ishlashini ta'minlash, bozor iqtisodiyotini yanada rivojlantirish, tadbirkorlar oldida turgan byurokratik to‘siqlarga barham berish, xalqimizning sog‘lom turmush tarziga xalaqit berayotgan to‘siqlarni bartaraf etish borasida o‘z shaxsiy fikrlarini ijodiy bayon etishi ko‘zda tutilmoqda.

Mazkur tanlovda Namangan viloyati kasb-hunar kollejlarining 33845 nafar 3-bosqich o‘quvchilari faol ishtirok etmoqda. Tanlov doirasida o‘quvchi-yoshlarning korrupsiyaga qarshi kurash mazmunidagi "Eng yaxshi plakat", "Eng yaxshi surat" nominatsiyalari bo‘yicha tayyorlagan ijodiy ishlari ham namoyish etilmoqda.

Barcha ta'lim muassasalarida tadbirning ochilishi O‘zbekiston Respublikasi madhiyasi bilan boshlandi. Biriktirilgan vakillar, mahalla oqsoqollari va boshqa jamoatchilik vakillari tomonidan korrupsiyaning mamlakatimiz rivojiga salbiy ta'siri, Qonunning mazmuni va mohiyatini ochib berishga qaratilgan ma'ruzalar qilindi.

Insholar tanlovi g‘oliblari Kasb-hunar ta'limi Markazi va hududiy boshqarmalar, shuningdek, hamkor tashkilotlarning faxriy yorliq va sovg‘alari bilan taqdirlanadi.

Botirali PIRMATOV.

Mashrabjon QOSIMOV olgan suratlar.

Ko‘proq yangiliklar: