Bangladesh prezidenti: Buxoro yuragimni zabt etdi

O‘zbekiston 09:50 / 17.06.2019 16487

 O‘zbekistonga tashrif buyurgan Bangladesh prezidenti Muhammad Abdul Hamid Buxoroda bo‘ldi. U tashrif yakunida o‘z taassurotlari haqida gapirib berdi.

— 15 iyun kuni Dushanbeda bo‘lib o‘tgan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha xalqaro kengashning beshinchi sammiti yig‘ilishi doirasida mamlakatingiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashdim.

Muloqot juda samarali va ishchanlik ruhida o‘tdi. Uchrashuvda O‘zbekiston va Bangladesh o‘rtasidagi iqtisodiy, savdo hamda madaniy aloqalarni yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qildik.

Prezidentingiz Dushanbedagi uchrashuvimiz yakunida meni O‘zbekistonga taklif qildi. Bu meni juda xursand qildi.

Safarimni nima uchun Buxorodan boshlaganim xususida to‘xtalib o‘tsam. Bangladeshda O‘zbekistonni, uning jahon tamadduniga katta hissa qo‘shgan tarixiy shaharlarini juda yaxshi bilishadi. Ayniqsa, buyuk muhaddis Imom Buxoriy tavallud topgan va musulmon olamida mashhur Naqshbandiya tariqati asoschilaridan biri Bahouddin Naqshband voyaga yetgan Buxoro sharifga muhabbatimiz baland. Shuning uchun hozir ana shu qutlug‘ yurtdaman.

Avvalo, meni yuksak darajada kutib olishgani uchun minnatdorman. Men va hamrohlarim Buxoroning Labi Hovuz, Poyi Kalon majmualari bilan tanishdik. Qadimiy Ark qal'asida saqlanayotgan sharif shahringizning boy o‘tmish tarixiga doir ma'lumotlardan xabardor bo‘ldik. Qadimiy me'moriy yodgorliklaringiz mo‘jizaning o‘zginasi. Ular asl holicha saqlab qolinayotgani juda havasli.

Men dunyoning juda ko‘plab tarixiy shaharlarida bo‘lganman. Lekin ular orasida eng jozibali va mahobatlisi Buxoro bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman. Buxoro yuragimni zabt etdi.

Ko‘proq yangiliklar: