Afg‘onistonlik prokurorlar O‘zbekistonda o‘qitiladi

O‘zbekiston 20:50 / 17.06.2019 7056

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Otabek Murodov Afg‘oniston islom Respublikasi Bosh prokurori Muhammad Farid Hamidi boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuv davomida mehmonlarga prokuratura organlari faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari va asosiy o‘zgarishlar haqida ma'lumot berildi.

Uchrashuv ishtirokchilari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan Afg‘oniston Islom Respublikasi Bosh prokuraturasi o‘rtasidagi hamkorlik professional aloqalarni yo‘lga qo‘yish va shartnomaviy-huquqiy bazani kengaytirish orqali izchillik bilan rivojlanayotganligi ta'kidlandi.

Suhbatdoshlar o‘zaro manfaatli bo‘lgan keng qamrovli masalalarni muhokama qildilar va idoralararo hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari bo‘yicha fikr almashdilar. Xususan, Afg‘oniston prokuraturasi organlari xodimlarini O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Akademiyasida o‘qitish masalasi muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan Afg‘oniston Islom Respublikasi Bosh prokuraturasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv va hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi. Ushbu hujjatning amalda tatbiq etilishi ikki tomonlama hamkorlikning rivojlanishini yangi bosqichga ko‘taradi.

Uchrashuv yakunida janob Hamidi samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyorligini ta'kidlab o‘tdi.

Ko‘proq yangiliklar: