Abituriyent-2019: Pasporti yo‘qolgan yoki almashtirish uchun topshirganlar nima qiladi?

Jamiyat 09:31 / 17.06.2019 10930

Huquqshunos va bloger Xushnud Xudoyberdiyev o‘zining Telegram’dagi kanalida pasporti yo‘qolgan yoki almashtirish uchun topshirgan abituriyentlar imtihon arafasi qanday yo‘l tutishlari haqida ma'lumot berdi.

Ayrim hollarda abituriyentlar pasportini bexosdan yo‘qotib qo‘yadi, yoki turli sabablar bilan pasport almashtirish (yangisini olish) uchun hujjat topshirgan bo‘ladi.

Abituriyent hujjatlarini «pasport stol»ga topshirgan bo‘lsa-yu, lekin hali yangi pasporti tayyor bo‘lmagan va eng asosiysi hujjat topshirishning eng so‘nggi sanasigacha (15 iyul) tayyor bo‘lishiga ko‘zi yetmasa, unda quyidagi tartibda hujjat topshirishi zarur:

  • pasport almashtirish uchun ariza topshirgan «pasport stolga» yuzaga kelgan vaziyat to‘g‘risida murojaat qilinadi;
  • IIB haqiqatan pasport almashtirish uchun topshirganligini tasdiqlab, maxsus 09-shakl (Forma-09) ko‘rinishidagi ma'lumotnoma to‘ldirib beradi;
  • 09-shaklda fuqaroning surati va pasportda ko‘rsatilishi zarur bo‘lgan ma'lumotlar (identifikatsiya raqami, pasport seriyasi va raqami) aks ettirilib, ushbu ma'lumotnoma maxsus muhr bilan tasdiqlanadi;
  • tayyor bo‘lgan 09-shakl vaqtinchalik pasport o‘rnini bosadi;
  • ushbu hujjat bilan bemalol OTMga hujjat topshirish mumkin.

Bu hujjat topshirgungacha bo‘lgan vaziyat uchun taalluqli javob.

«Lekin boshqa vaziyatlarda, ya'ni abituriyent ro‘yxatdan pasport orqali o‘tgan bo‘lsa-yu, ammo testgacha pasportini yo‘qotib (o‘g‘irlatib, shikast yetkazib) qo‘ygan bo‘lsa, unda 09-shakl bilan test sinovlariga kiritiladimi yoki yo‘qmi, degan savolga menda aniq javob yo‘q. Shuningdek, yuqoridagi holatning teskarisi bo‘lishi mumkin, ya'ni 09-shakl bilan ro‘yxatdan o‘tib, testgacha pasporti tayyor bo‘lgan bo‘lsa, pasport bilan kirishi mumkinmi yoki 09-shakl bo‘lishi shartmi? Menimcha, ikkala holatda ham testga kirishda muammo bo‘lmasa kerak. Yana ham rasmiylar bu vaziyatga oydinlik kiritishlarini so‘rab qolamiz», — deb yozadi Xushnud Xudoyberdiyev.

Ko‘proq yangiliklar: