1 avgustdan qurilish va oliy ta'lim tizimida «Korrupsiyasiz soha» loyihasi amalga oshiriladi

O‘zbekiston 15:34 / 17.06.2019 16735

2019 yil 1 avgustdan kapital qurilish va oliy ta'lim tizimida tajriba tariqasida «Korrupsiyasiz soha» loyihasi amalga oshirish boshlanadi. O‘zbekiston kapital qurilish va oliy ta'lim tizimida mavjud korrupsiya holatlariga barham berish maqsadi shunday loyiha o‘tkazishga asos bo‘lmoqda. Chunki, Senat raisi Nig‘matulla Yo‘ldoshevning ta'kidlashicha, har qanday islohotning muvaffaqiyati birinchi navbatda faqat va faqat ta'limga bog‘liq.

Uning fikricha, sohada hamon yechimini kutayotgan va ma'lum ma'noda korrupsiyaga yo‘l ochib berayotgan muammolar ham borki, ularni to‘liq hal etmasdan turib, kapital qurilishda «Korrupsiyasiz soha» loyihasini samarali amalga oshirish qiyin kechadi.

«2019 yil 1 avgustdan boshlab tajriba tariqasida, jamoatchilik va yetakchi ekspertlar, shu jumladan, xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda dastlabki bosqichda kapital qurilish va oliy ta'lim sohalarida “Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirishni tashkil etish, 2020 yil 1 apreldan boshlab esa, loyihani boshqa sohalarga ham bosqichma-bosqich joriy qilishdan iboratdir.

Bu borada asosiy mas'uliyat kapital qurilish hamda oliy ta'lim sohalarida «Korrupsiyasiz soha» loyihasini tayyorlash va amalga oshirish bo‘yicha ishchi guruhlar zimmasiga yuklatiladi», - dedi Yo‘ldoshev Senatda bo‘lib o‘tgan majlisda. 

Qayd etilishicha, mazkur ishchi guruhlar faoliyati nafaqat qayd etilgan sohalarda, balki barcha yo‘nalishlardagi ishlar samaradorligiga bevosita ta'sir ko‘rsatadi. Chunki, har ikkala sohada amalga oshiriladigan ishlar boshqalar uchun namuna vazifasini o‘taydi. 

Ko‘proq yangiliklar: