O‘zbekistondagi barcha kollejlarda «Korrupsiya – adolat kushandasi» insholar tanlovi o‘tkazildi

Jamiyat 16:10 / 16.06.2019 2328

Kecha, 15 iyun kuni O‘zbekistonning barcha hududlarida kollejlar bitiruvchilari o‘rtasida «Korrupsiya – adolat kushandasi» mavzusida insholar tanlovi bo‘lib o‘tdi.

“Biz yoshlar yurtimizga xizmat qilishda vijdonli, insofli va halol bo‘lishimiz shart” shiori ostidagi tanlovda Navoiy viloyatidagi kollejlarning bitiruvchi bosqich o‘quvchilaridan 12 ming nafardan ortig‘i ishtirok etdi.

Tanlovni o‘tkazishdan asosiy maqsad - yoshlarning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha bilimlarini mustahkamlash, huquqiy savodxonligi va madaniyatini oshirish, yoshlarni davlat va jamiyat hayotining barcha sohalaridagi mavjud korrupsiyadan ogohlantirish, korrupsion huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish hamda korrupsion huquqbuzarliklar sodir etilgani uchun jazo muqarrar ekanligini anglatishdan iboratdir.

Aksiya Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika idoralararo komissiyasining 2018 yil 7 iyundagi 4-son bayonnomasi hamda 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq o‘tkazildi.

– Kasb-hunar kollejlarini tugatib, katta hayotga qadam qo‘yayotgan 3-bosqich o‘quvchilarining ong-u tafakkurida korrupsiyaga qarshi murosasiz kayfiyatni shakllantirish, ularning bu illatga qarshi mustahkam immunitetga ega bo‘lishi muhim ahamiyatga ega. Chunki bu yoshlar kollejni bitirgandan keyin muayyan davlat va jamoat tashkilotlarida, mehnat jamoalarida faoliyat ko‘rsatishi, o‘z hayoti davomida korrupsiya bilan bog‘liq holatlarga duch kelishi, bu illatning qurboniga yoki uning ijrochisiga aylanishi xavfi bor, – deydi Navoiy viloyat kasb-hunar ta'limi boshqarmasi mutaxassisi A.Abduxalilov.

Tanlov doirasida o‘quvchi-yoshlarning korrupsiyaga qarshi kurash mazmunidagi “Eng yaxshi plakat”, “Eng yaxshi surat” nominatsiyalari bo‘yicha tayyorlagan ijodiy ishlari ham namoyish etildi.

Ko‘proq yangiliklar: