“Korrupsiya – adolat kushandasi” Respublika insholar tanlovi yakunlandi

Jamiyat 14:14 / 16.06.2019 3094

So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 2 fevraldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2752-sonli qarori asosida korrupsiyaga qarshi kurash borasidagi ishlar mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi.

Prezident Mirziyoyev tashabbusi bilan butun mamlakatda tom ma'noda korrupsiyaga qarshi urush e'lon qilindi, shu sababli loqaydlik, befarqlik, ikkiyuzlamachilik, tovlamachilik, firibgarlik, urug‘-aymoqchilik, tanish-bilishchilik, poraxo‘rlik kabi illatlarning sodir etilishiga qarshi kurashda barchaning faolligi yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.

Shu ma'noda kasb-hunar kollejlarini tamomlab, katta hayotga qadam qo‘yayotgan 3-bosqich o‘quvchilari ongu tafakkurida korrupsiyaga qarshi murosasiz kayfiyatni shakllantirish, ularning bu illatga qarshi mustahkam immunitetga ega bo‘lishi muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki mazkur yoshlar kollejni bitirgandan keyin muayyan davlat va jamoat tashkilotlarida, mehnat jamoalarida faoliyat ko‘rsatishi, o‘z hayoti davomida korrupsiya bilan bog‘liq holatlarga duch kelishi, bu illatning qurboniga yoki uning ijrochisiga aylanish xavfi bor.

Shu sababli kasb-hunar ta'limi tizimida korrupsiyaga qarshi kurashning samarali mexanizmini joriy etish maqsadida alohida tarmoq dasturi ishlab chiqilgan va shu asosda bir qator ijobiy ishlar va tashabbuslar amalga oshirib kelinmoqda. Jumladan, Kasb-hunar ta'limi Markazining 2019 yil 27 maydagi 269-sonli buyrug‘i asosida joriy yilning 15 iyun kuni barcha kasb-hunar kollejlari 3-bosqich o‘quvchilari o‘rtasida “Biz yoshlar yurtimizga xizmat qilishda vijdonli, insofli va halol bo‘lishimiz shart!” shiori ostida “Korrupsiya –adolat kushandasi” mavzusida Respublika insholar tanlovi o‘tkazildi.

Xuddi shunday tanlov Qibray tumani Chingeldi maishiy xizmat ko‘rsatish kollejida ham tashkil etildi. Tanlovni o‘tkazishdan asosiy maqsad – yoshlarning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha bilimlarini yanada mustahkamlash, huquqiy savodxonligi va madaniyatini oshirish, yoshlarimizni davlat va jamiyat hayotining barcha sohalaridagi mavjud korrupsiyadan ogohlantirish, korrupsion huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish hamda korrupsion huquqbuzarliklar sodir etilgani uchun jazo muqarrar ekanligini chuqur anglatishdan iborat.

Qibray tumani Chingeldi maishiy xizmat ko‘rsatish kollejida bo‘lib o‘tgan tanlovda ishtirok etgan yoshlar O‘zbekistonda korrupsiyaning oldini olish, barchaning halol ishlashini ta'minlash, bozor iqtisodiyotini yanada rivojlantirish, tadbirkorlar oldida turgan byurokratik to‘siqlarga barham berish, xalqimizning sog‘lom turmush tarziga xalaqit berayotgan to‘siqlarni bartaraf etish borasida o‘z shaxsiy fikrlarini ijodiy bayon etishdi. 

Umuman, viloyat bo‘yicha tashkil etilgan mazkur tanlovda Toshkent viloyatining 116ta kasb-hunar kollejlari 3-bosqichida tahsil olayotgan 33056 o‘quvchi faol ishtirok etdi. Tanlov doirasida o‘quvchi-yoshlarning korrupsiyaga qarshi kurash mazmunidagi “Eng yaxshi plakat”, “Eng yaxshi surat” nominatsiyalari bo‘yicha tayyorlagan ijodiy ishlari ham namoyish etildi. Insholar tanlovi g‘oliblari Kasb-hunar ta'limi markazi va hududiy boshqarmalar, shuningdek, hamkor tashkilotlarning faxriy yorliq va sovg‘alari bilan taqdirlanadi.

Ko‘proq yangiliklar: