«Barselona»da yangi detektiv. Grizmann va de Ligt masalasi qanday yakun topadi?

Sport 19:50 / 16.06.2019 21565

Nomi «Barselona» bilan bog‘lanayotgan ikki futbolchining kelajagi hamon noma'lumligicha qolmoqda.

«Barselona» kamdan-kam transferlarni osonlik bilan amalga oshiradi. Bu klub bilan bog‘liq transferlar uzun serialga va hatto afsonaga aylanib ketadi. Goh Neymar ketadi, goh Koutino keladi - bu yirik transferlar jarayoni asosida tarixiy detektiv filmlar ishlasa ham bo‘ladi. Bunday tarixlarda futbolchilar «A» harfini aytadi, ammo og‘izdan «B» harfi chiqishi kechikib ketadi. Bu yozda ham shunday bo‘lmoqda.

Kataloniyaliklarning bugungi kundagi ikki asosiy nishoni - de Ligt va Grizmann haqida faqat bittadan aniq ma'lumot bor: biri yangi mavsumni «Ayaks»da boshlamaydi; ikkinchisi esa «Atletiko»dan ketishi haqida rasman e'lon qilgan. Bo‘ldi. Boshqa ma'lumot yo‘q - aniqrog‘i aniq ma'lumot yo‘q - niderlandiyalik himoyachi va fransiyalik hujumchining kelajagi haqida bir-biriga teskari son-sanoqsiz mish-mishlar tarqalishi davom etmoqda.

Keling, bir boshidan ko‘rib chiqamiz.

Kichkina shahzoda

2018 yil iyunida «Barselona»da texnik kotibga aylangan jamoaning sobiq futbolchisi Erik Abidalning birinchi galdagi vazifasi - Grizmann bilan kelishuvga erishish bo‘lgandi. Barcha eslaydi: futbolchi kelajagi bo‘yicha qarorga kelishda ikkilanib yurdi, «Qaror» (La Decisión) nomli hujjatli film ishladi va yakunda «matraschilar» bilan yangi shartnoma imzoladi. Mavsumni o‘z darajasida o‘tkazmagan futbolchi birdaniga may oyida madridliklar klubi safini tark etishini e'lon qilib yubordi. Shundan buyon bir oy vaqt o‘tdiki - hech narsa joyidan siljimadi.

O‘shanda, may oyida Kataloniya poytaxti - fransuz futbolchisi uchun yagona yo‘nalish bo‘lib ko‘ringandi, futbolchining atrofidagilar va kataloniyaliklar rahbariyati vakillari o‘rtasida aloqalar o‘rnatilgan, muzokaralar boshlanishi yaqindek edi. «Barselona»ning qiziqishi ham tushunarli edi: o‘tgan yilgi spektaklga qaramasdan Antuan «Kamp Nou»ga kerak edi - birinchidan, Suaresning yoshi 32ga chiqqan, u endi avvalgi sport formasiga qayta olmaydi, u endi xalqaro maydonlarda jamoaga yordam bera olmay qoldi (Chempionlar ligasining so‘nggi ikki mavsumida atigi ikkita gol ko‘p narsani anglatadi), ikkinchidan, agar Koutino ketsa bu «Kichkina shahzoda» uchun hujumning chap qanotida bo‘sh hudud paydo qiladi. Agar undan markaziy hujumchi sifatida foydalanilsa, Dembele bilan tandemda jamoa o‘yiniga yangicha chizgilar berish mumkin bo‘ladi.

Ziddiyat

Ammo hozircha o‘sha tarix takrorlanmoqda. Grizmann «A» so‘zini aytdi va jim qoldi. O‘tgan vaqt mobaynida u kichik intervyular berdi va o‘zi ham hech narsani bilmasligini bildirdi. Masalan, u 8 iyun kuni Telematin nashri uchun bergan intervyusida u shunday dedi: «Men keyingi mavsumda qayerda to‘p surishimni bilaman». Keyin esa hazillashgancha qo‘shimcha qildi: «Men 7 yildan keyin Mayamida o‘ynashimni ham bilaman».

Ammo to‘rt kun o‘tib, Yevro-2020 saralashi doirasida Andorraga qarshi o‘yindan keyin uning so‘zlari boshqacha yangradi: «Sabr qilyapman. Men birinchi navbatda kelajagim nima bo‘lishini bilishim kerak, lekin biroz kutish kerak bo‘lyapti. Men hozir La Ligada qolish-qolmasligimni ham aniq bilmayman - ikki haftadan keyin qandaydir oydinlik kiritilishi kerak».

Bu orada uni goh «PSJ»ga, goh «Bavariya»ga, goh «Manchester Yunayted»ga jo‘natishmoqda. 

Ijrochi direktor so‘zlari

Balki barchasi kutilganidan avvalroq ham ma'lum bo‘lar. Shu kunlarda «Atletiko» ijrochi direktori Migel Anxel Xil Marin teleko‘rsatuvlardan birining efirida shunday dedi: «Mart oyidayoq men Grizmann alaloqibat qaysi klubga o‘tishini bilib bo‘lganman. Bu «Barselona». Bu gap to‘g‘rimi yoki yo‘q, hech kim bilmaydi, ammo Xil Marinning bunday so‘zlari tvitterdagi odatiy yangiliklardan emas, u bekorga bunday demagani aniq.

Aniq xabarlarning chiqishi cho‘zilib ketgani barcha 1 iyul kunini kutayotgani bilan bog‘liq bo‘lishi ham mumkin - shu kuni Grizmanning badal puli miqdori 200 million yevrodan 120 million yevroga tushadi, shundan keyin tomonlar muzokara boshlashini kutish mumkin. Qolgani mish-mishlar - chunki hozir unga qiziqish bildirgan barcha tomon o‘z bilganicha xabar tarqatmoqda.

Rayolaning talabi

Matteys de Ligt bilan bog‘liq vaziyat yanada chigal. Avvaliga va uning eng yaqin do‘sti Frenki De Yong birgalikda bitta klubda o‘ynashda davom etish istaklarini bildirishdi. Keyin oraga «PSJ» qo‘shildi, xabarlarga ko‘ra parijliklar «Ayaks»ga 150 million yevro taklif qilishgan. De Yong qishdayoq «Barselona» bilan shartnoma imzoladi. O‘shanda hamma navbatdagi kelishuv amsterdamliklar sardori bilan bo‘lishini kuta boshlashdi - ammo katta «ammo» bor edi.

Bu katta «ammo» De Ligtning agenti, jahon futbolidagi eng ta'sirli impresariolardan (gumashta) biri Mino Rayola edi. Yanvar oyida Ispaniyadagi sport nashrlari Rayola kataloniyaliklardan o‘zi uchun komissiya puli sifatida 10 million yevro va mijozi uchun yiliga 12 million yevrolik maosh talab qilayotgani haqida xabar tarqatdi. «Ayaks» esa 2018 yilning dekabrida Yevropaning eng yaxshi yosh futbolchisi uchun ta'sis etilgan Golden Boy mukofotini qo‘lga kiritgan 19 yoshli sardorini 75 million yevroga baholagandi - natijada yosh yigitchaning transferi kataloniyaliklar uchun juda qimmatga tushishi ayon bo‘ldi.

Yosh futbolchining ikkilanishi

Hozirda shunisi ma'lumki, «Barselona» va «Ayaks» allaqachon transfer bo‘yicha kelishib olgan (75 million yevro) - futbolchining roziligini olish qolgan. Murakkablik shundaki, de Ligtning boshi aylanib qolgan - uning transferi uchun kurashda asosiy da'vogarga aylangan «PSJ» transfer uchun ikki barobar ko‘p mablag‘dan tashqari, futbolchining o‘ziga ham jozibali taklif bermoqda - kataloniyaliklar esa bu taklif bilan raqobatlasha olishmaydi. Ispaniyadagi nashrlarning yozishicha, ko‘k-anorranglilar yiliga 6 million yevro miqdorida maosh taklif qilishgan, parijliklar esa 12 million yevro (ayrim ma'lumotlarga qaraganda 15 million yevro).

Krishtianuning chorlovi

Di Ligtning xizmatlariga qiziqish bildirayotgan yana bir jamoa bor - «Yuventus». Turinliklarning qiziqishi Millatlar ligasi finalida ham ifoda etildi. Niderlandiya Portugaliyaga yutqazgan o‘yindan keyin «Yuventus» yetakchisi Ronaldu De Ligtning oldiga keldi va uni o‘zi bilan bir jamoada o‘ynashga taklif qildi.

«U mendan «Yuventus»ga o‘tishni so‘radi. Men hayron qoldim va hatto kulib yubordim. Chunki men avvaliga bu menga shunday tuyilyapti deb o‘yladim», dedi keyinroq yosh niderland.

Ispaniyadagilarning hisoblashicha, turinliklar unga «Barselona»dan ko‘proq, «PSJ»dan kamroq maosh taklif qilmoqchi - yiliga 10 million yevro.

Abidalning instagrami buzib kirilishi

De Ligtning beqarorligi «Barselona» muxlislari orasida unga qarshi kayfiyatni kuchaytirmoqda. Ulardan biri noodatiy ishga qo‘l urdi: Abidalning Instagramdagi akkaunti buzib kirildi va u yerda Yoxan Kroyfdan mashhur iqtibos keltirildi: «Bizga «Barselona»da o‘ynashga ikkilanadiganlar kerak emas». Suratga Abidalning akkaunti nomidan shunday yozuv ilova qilingandi: «Rahmat Yoxan, sen haqsan». Keyinroq bu post o‘chirib tashlandi.

Parijda uy

Payshanba kuni De Telegraaf nashrida De Ligtning onasi va sevgilisi Parijdan uy qidirayotgani haqida xabar berildi, undan bir kun oldin esa Italiyadagilar Rayola ham Fransiya poytaxtida «PSJ» vakillari bilan muzokaralarning so‘nggi bosqichiga kirishgani haqida muhokama qila boshlashdi.

Bu xabarlar «Barselona» rahbarlarining asabini qitiqlayotgani aniq, lekin aftidan ular hech narsa qila olishmaydi - bu ularga bog‘liq emas.

Ko‘proq yangiliklar: