Xalq ma'naviyatini oshirish ommaviy kitob ulashish bilangina chegaralanadimi? O‘zbekiston kitob savdosiga nazar

Jamiyat 22:00 / 15.06.2019 8548

«Kitobxonlikni yoshlar orasida keng targ‘ibot qilish»  mazmunidagi jumlalar OAV, davlat va nodavlat tashkilotlari tomonidan eng ko‘p ishlatiladigan kundalik iboraga aylanib qoldi. Davlat rahbari shaxsan qat'iy talab va tashabbus bilan chiqqandan keyingina kitobxonlik kampaniyasiga asos solindi va bu birmuncha samara berdi, deyish mumkin. 

Shu bilan birga, ko‘zbo‘yamachilikka asoslangan targ‘ibotlar ham kampaniya faoliyatini «bezadi». Tan olish kerak: targ‘ibotlar ko‘proq ijobiy natija (aks ta'sirlari bilan) berdi. Moddiy rag‘bat evaziga bo‘lsa ham o‘quvchilar qiziqishini oshirishga harakat qilindi va qaysidir ma'noda maqsad sari dadil qadam tashlandi, lekin bu harakat yetarli emas.

Qilinayotgan ishlar xuddi aysbergning faqat suv yuzidagi qismini ko‘rishga o‘xshaydi. Ummon tubidagi muz bo‘lagi haqida hech kim qiziqib ko‘rmayapti. Sof kitobxonlik muhitini shakllantirish faqat targ‘ibot bilan kifoyalanmaydi. Hurmatli kitobxonlik targ‘ibotchilari, hech o‘ylab ko‘rganmisiz: O‘zbekistonda noshirlik faoliyati qay darajada? Ularni qanday muammo qiynaydi? Kitoblar adadi aholi talabini qondiroladimi? Umuman olganda, kitob savdosi nega katta biznesga aylanib ketmayapti? OAV (ayniqsa, televideniyeda)da kitob reklamasi nega hanuzgacha muntazam berilmayapti? Sababi bilan qiziqib ko‘rdingizmi? Aslida, vaziyat qanaqa? Respublika kitob savdosi, noshirligi faoliyati, bu borada kitobxonlar fikri muhokamalarga sabab bo‘lishi mumkin.

«Odamlar kitob uchun kattaroq mablag‘ to‘lashga tayyor emas» 

Asaxiy.uz loyihasi asoschilaridan biri  Feruz Allayev:

«Butun dunyoda internet orqali kitoblar savdosi rivojlanmoqda. Masalan, AQShda Amazon internet do‘koni sotadigan kitoblari soni bo‘yicha bugungi kunda Noble/Barnes kabi yirik do‘konlardan bir necha marotaba o‘tib ketgan. Internetda katalogning chegaralanmaganligi, bor kitobni xohlagan yerga yetkazib berilishi katta imkoniyatlar taqdim etadi. Shularni o‘ylagan holda Asaxiy tashkil topdi. Loyihani boshlaganimizda reklama uchun asosiy e'tiborni ijtimoiy tarmoqlarga qaratdik va bu o‘z natijasini bera oldi, deb o‘ylayman. Kitob savdosi bizda hali katta biznes darajasiga chiqmagan. Undan oldin ichki muammolarni hal qilish kerak. Quyidagilarni eng og‘riqli masalalar qatoriga qo‘shish mumkin:

Pochta xizmati. Oddiy kitob uchun narxlar qimmatligi, yetkazish berish muddatining sekinligi. Lekin xizmat oldingiga qaraganda yaxshilanmoqda.

Kadrlar taqchilligi. Ko‘pgina kitoblarning tarjima sifati past, imlo xatolariga to‘lib ketgan. Bu sohada sifatli kadrlar bor, lekin kam. Masalaning boshqa tomoni ham bor: ayrim nashriyotlar kitob tannarxini pasaytirish maqsadida kadrlarga ketadigan xarajatni tejab qolishga intilishadi. Natijada, sifat ham tushib ketadi.

Yangi ijodkorlarni topish. Xalq sevib o‘qiydigan yozuvchilar, shoirlar kamayib ketgan. Balki yangi nomlar chiqsa, odamlarning qiziqishi yana ortar.

Xalqaro kitob savdosi ancha ilgarilab ketgan. Chet el tajribasida kitob targ‘iboti TV, radio va ko‘chadagi bannerlarda qilinadi va bu o‘zini oqlaydi. Masalan, 10 yevrolik kitobning chakana savdosi 20 yevroga baholanadi. Bizda esa narxning 500 so‘mga o‘zgarishi ham ko‘p narsaga ta'sir qiladi. Shuning uchun ham moliyaviy jihatdan ko‘cha, jamoat transportiga banner osish, radio va televideniye targ‘iboti samara bermaydi. Odamlar kam kitob xarid qilishadi va unga ko‘proq mablag‘ ajratishga tayyormas.

«Bir xil nomdagi kitoblar o‘quvchini bezdirdi» 

Sadoqat Xolmonova (kitobxon):

Nashriyotlar faoliyatida yangilik kam. Yangi nashr, deb allaqachon tarjima qilingan asarlarni yoki qayta-qayta nashr etilgan kitoblarni chop etishmoqda. Kitob do‘konlariga borsangiz, bir xil nomdagi asarning turli nashriyot tomonidan nashr etilgan kitoblariga ko‘zingiz tushadi. Nashriyotlar malakali tarjimonlar bilan hamkorlikda yangi-yangi asarlarni tarjima qilib nashrga tayyorlashi, hech bo‘lmaganda butun dunyoga mashhur durdona asarlarni o‘zbekchalashtirishga harakat qilishi kerak. Hadeb eski asarlarga murojaat qilavermay butun dunyo qanday asarlarga murojaat qilayotganligini o‘rganib, ularning nashri bilan shug‘ullanishsa, yaxshi bo‘lardi.

«Chop etilayotgan kitoblar adadi talabni qondirolmaydi»

Sharofat Ismoilova (kitobxon):

Kitob savdosi, oddiy til bilan aytganda, juda sekin savdo. Bir kitobni sotib olgan xaridor keyingi safar unga ehtiyoj sezmaydi. Bu esa nashriyotlarni chiqarayotgan kitob tirajiga o‘ylab munosabatda bo‘lishga undaydi. Vaholanki, kitob adadi qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha arzon bo‘ladi. Ayni paytda bir nomdagi kitob adadi 5 ming nusxadan oshmaydi. Ehtimol, shuning uchun ham bugun ko‘pchilik elektron kitoblarga murojaat qilayotgandir. Nashr ettirilayotgan kitoblar adadi o‘quvchi talabini qondirolmaydi. Talab va taklif muvozanatda emas. Masalan, o‘tgan yildan boshlab G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan «Zamonamiz qahramoni»  rukni ostida zamonaviy o‘zbek adiblari: Isajon Sulton, Luqmon Bo‘rixon, A.Yo‘ldoshev, Q. Norqobillarning asarlari chop etildi. Ularning adadi 3000 nusxa, xolos. Nahotki 30 millionlik respublika aholisi uchun shugina kitoblar yetarli bo‘lsa?

Ilmiy adabiyotlarning adadi esa bundan ham kam. O‘zim filologiya fakultetida tahsil olaman. Har qanday badiiy asarning kaliti ilmiy adabiyotlar orqali ochilishini bizga ko‘p ta'kidlashgan. Lekin ba'zi adabiyotlar hatto talabalar qo‘liga yetib bormaydi. Masalan, «O‘zbek adabiy tanqidi»  antologiyasi (2011 yil. «Turon-Iqbol»  nashriyoti. Adadi 16000 nusxa), «Adabiyotshunoslik lug‘ati»  D.Quronov, Z.Mamajonov va b. (2013 yil. Akademnashr. 2000 nusxa). Bunday lug‘at har bir adabiyot o‘qituvchisi qo‘lida bo‘lishi kerak. Endi taqqoslash uchun bir misol keltiraman: yaqinda eski kitoblar bozoridan Stendalning «Parma ibodatxonasi»  asarini sotib oldim. 1990 yilda “Meditsina” nashriyotidan chiqqan. Adadi 75000 nusxa.

Nashriyotlarda haqiqiy vaziyat qanaqa?

Kitob savdosini ham foyda oluvchi, ham xalq ma'naviyatini oshirishga xizmat qiladigan biznes turiga aylantirish mumkinmi? Respublikadagi yetakchi nashriyotlardan bo‘lgan «O‘zbekiston»  NMIU, «Sharq»  NMAK marketing bo‘limi xodimlari va «Akademnashr»  NMM MChJ rahbari Sanjar Nazar bilan bog‘lanib, dolzarb savollarga javob olindi.

Ma'lum kitobni nashr qilishda kitobxonlar talabi o‘rganiladimi? Qay tarzda o‘rganiladi? Bu bo‘yicha maxsus statistika tuziladimi?

«O‘zbekiston»  NMIU: Har yili oktabr-dekabr oylarida nashriyotning kelgusi yil uchun nashrlar rejasi ishlab chiqiladi. Har yili demografik, iqtisodiy, ijtimoiy va ochiq manbalardagi ma'lumotlar asosida umumiy statistik tahlillar olib boriladi. Bunda aholi, shuningdek,maktabgacha ta'lim muassasasi, maktab, kollej, litsey, oliy o‘quv yurtlari o‘quvchi va talabalari soni, yoshi, faoliyat yo‘nalishi, qiziqishlari inobatga olinadi.

«Sharq»  NMAK: Kitob nashr etilishidan avval kompaniyaning maxsus komissiyasi fikri o‘rganiladi. Nashrlar ro‘yxati kitobxonlarning talabi asosida shakllantiriladi. Nashriyotga kelib tushayotgan so‘rovlar, qolaversa, xaridorlarning ma'lum janrdagi kitoblarni chop etish zarurligi haqidagi takliflari asosida aniqlanadi. Bu bo‘yicha nashriyot tomonidan so‘rovnoma (anketa) lar joriy qilingan bo‘lib, doimiy ravishda kitobxonlarning fikri va taklifi inobatga olib boriladi.

«Akademnashr»  NMM MChJ: Nashrlarimizning asosiy qismi yil avvalida tasdiqlab olinadigan reja asosida chop etiladi. Garchi marketing tadqiqotlari, turli tadbirlar, uchrashuvlar va ijtimoiy tarmoqlardagi muloqotlar vositasida kitobxonlar talabini o‘rganib borishga harakat qilinsa-da, ommaviylikni asosiy mezon qilib olmaganmiz. Ozmi-ko‘pmi o‘quvchining talabiga, didiga ta'sir qilishga urinamiz.Biz ixtisoslashgan nashriyotlardanmiz. Faoliyatimizning asosiy qismini ilmiy, ilmiy-ommabop adabiyotlar, lug‘atlar, intellektual rivojlantiruvchi bolalar kitoblarini tashkil qiladi.

Nashriyotda onlayn kitob savdosi yo‘lga qo‘yilganmi?

«O‘zbekiston»  NMIU: Nashriyotning rasmiy veb-saytida onlayn kitob xarid qilish moduli yaratilgan bo‘lib, hozirda uni ishga tushirish va takomillashtirish bo‘yicha texnik mutaxassislar jalb qilingan.

«Sharq»  NMAK: Kompaniyaning www.sharq.uz saytida onlayn kitob savdosi yo‘lga qo‘yilgan. Xaridorlar uchun yanada funksional qulayliklar yaratish uchun hozirgi vaqtda saytda texnik sozlash ishlari olib borilmoqda. Yaqin vaqt ichida saytimiz yangicha zamonaviy qiyofada namoyon bo‘lib, nafaqat kitoblarni onlayn sotib olish, balki ularning elektron shaklini ham yuklab olish mumkin bo‘ladi.

«Akademnashr»  NMM MChJ: Nashriyot kitoblarini o‘quvchilar saytdan yoki ijtimoiy tarmoqlarlagi sahifalarimizdan sotib olishlari mumkin.

Sotilmay qolgan kitoblarning keyingi taqdiri nima bo‘ladi?

«O‘zbekiston»  NMIU: O‘z vaqtida sotilmay qolgan kitoblar keyinchalik nashriyotning kitob do‘konida maxsus chegirma narxlarda sotiladi. Qolaversa, nashriyot tomonidan o‘tkaziladigan xayriya tadbirlarida sovg‘a qilinadi.

«Sharq»  NMAK: Sotilmaydigan kitobni o‘zi bo‘lmaydi. Faqatgina sotilish davri biroz cho‘zilishi mumkin. Bunday hollarda yili eskirgan kitoblarni xaridorlarga har xil aksiyalar va chegirmalar orqali savdoga chiqaramiz.

«Akademnashr»  NMM MChJ: Bunaqa muammo yo‘q. Kitob savdosi sekin bo‘lishi mumkin, ammo to‘xtab qolmaydi.

O‘zbekistonda kitob savdosi sohasida qanday dolzarb va hal qilinishi shart bo‘lgan masalalar mavjud?

«O‘zbekiston»  NMIU: Albatta, hal qilinishi lozim bo‘lgan masalalar ham mavjud. Jumladan, mamlakatimizning eng chekka hududlariga bir xil narxda kitob yetkazib berish masalasi haligacha o‘z yechimini kutmoqda.

«Sharq»  NMAK. Respublikamizda kitob savdosini nazorat qiladigan, tartibga soladigan yagona boshqaruv tizimi tashkil etilishi lozim. Mazkur tizim respublika bo‘yicha kitob savdo korxonalaridan yig‘ilgan ma'lumotlarni statistikasini, tahlilini olib borishi lozim. Shunda quyidagi savollarga javob olish imkoniyati bo‘ladi:

  • Hozirgi paytda respublikada nechta kitob savdosiga ixtisoslashgan kitob do‘koni bor? Qaysi tashkilot tomonidan qayd etilgan?
  • 2018 yilda va 2019 yilning birinchi choragida qancha kitob mahsulotlari sotildi?
  • Kitob savdosiga ixtisoslashgan do‘konlardagi narxlarni kim nazorat qiladi, belgilaydi yoki tavsiya etadi?
  • Kitob bozoridagi mavjud nomutanosiblik va «qora bozor»  bilan kim kurashadi va qachon yechimini topadi?
  • Qaysi janrdagi kitoblar 2018 yilda xaridorgir (besseller) bo‘ldi?
  • Qaysi muallifning kitoblari ommalashdi?
  • Ixtisoslashgan kitob do‘konlaridagi ishchi xodimlar qayerda va qachon malakasini oshirgan va o‘zi shunday muassasa mavjudmi?
  • Kitob savdosiga ixtisoslashgan do‘konlarning qanchasi qarorda berilgan imtiyozlardan, prefirensiyalardan foydalandi? Foydalanmaganlar kimdan maslahat so‘radi yoki ularni kim yo‘naltirdi?
  • Yil davomida qancha sayyor kitob savdo-yarmarkalari tashkillashtirildi?

«Akademnashr»  NMM MChJ: Birinchidan, nashriyot tomonidan chiqarilayotgan kitoblar noqonuniy ravishda chop etilib, haqiqiy bahosidan arzon narxga sotilmoqda. Bunga qarshi kurashadigan, biz, noshirlarning dodini eshitadigan hech kim yo‘q. Qayerga murojaat qilishni bilmaymiz. Bizga noshirlar huquqini himoya qiladigan, ularni birlashtiradigan, muammolarini hal qilishga ko‘maklashadigan uyushma kerak. 

Ikkinchidan, kitob savdosini qanday yuritish kerak, qanday qilib ko‘proq xaridorlarni jalb qilish mumkin, marketing usullaridan qay tarzda foydalanish mumkin kabi savollarga javob beradigan seminar-treninglar tashkillashtirilishi kerak. Bunda xorij va mahalliy mutaxassislar jalb etilsa yaxshi bo‘lardi. Uchinchidan, muallifning qadrini yuqoriga ko‘tarish kerak. Afsuski, bugun nashriyotlar muallifga o‘z shartlarini qo‘yadi, aslida aksincha bo‘lishi kerak. To‘rtinchidan, xususiy, kichik nashriyotlar yashab qolishiga ko‘maklashadigan maxsus dastur ishlab chiqilishi lozim.

Xulosa shundayki, kitob savdosiga qadar noshirlik ishi shuncha ko‘rinmas «chirmovuq» lar bilan o‘ralashib qolgan. Kitobxon esa doim mazmunga boy, albatta, kamxarj kitoblarni rastalardan qidiradi. 

Muhabbat Ma'mirova

Ko‘proq yangiliklar: