Testlar 25 iyulda boshlanadi, imtihonga telefon olib kirish befoyda - DTM rahbari

O‘zbekiston 17:40 / 15.06.2019 82708

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Inomjon Majidov, Davlat test markazi direktori Majid Karimov hamda Ta'lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Hotamjon Ketmonov ishtirokida 2019/2020 o‘quv yiliga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tmoqda.

Davlat test markazi direktori Majid Karimov bu yilgi test imtihonlari qachon boshlanib, qachon yakunlanishi rejalashtirilayotgani haqida ma'lumot berdi.

«Abituriyent kirishda hujjat topshirmaydi, shunchaki ko‘rsatadi va ro‘yxatdan o‘tib qaytib olib ketadi.

Joriy yilda test sinovlari 69 ta katta sig‘imdagi binolarda o‘tkaziladi. Test imtihonlari o‘tadigan binolarga o‘rnatilgan kuzatuv kameralari soni ko‘paytiriladi. Taqiqlangan narsalarni olib kirishning oldini olish choralari kuchaytiriladi, taqiqlangan vositalar, signallarni to‘suvchi qurilmalar o‘rnatiladi. Telefon olib kirish befoyda.

Bu yil abituriyentlar respublikaning istalgan hududida hujjat topshirib, boshqa hududda test imtihonidan o‘tishi mumkin. Faqat ular ro‘yxatga olinayotganida qayerda test topshirmoqchiligini ko‘rsatishi kerak.

Abituriyentlar bir vaqtning o‘zida 3ta yo‘nalishga hujjat topshirishi mumkin.

DTM saytida har bir abituriyentga personal kabinet bo‘ladi. Abituriyentlar test topshirgan kunning ertasiga o‘z natijalari haqida ma'lumot olishi mumkin. O‘qishga kirgan yoki kirmaganini esa barcha testlar yakunlanganidan bir hafta o‘tib bilishi mumkin bo‘ladi.

Rejaga ko‘ra testlar 25 iyulda boshlanadi va 20 avgust kuniga qadar davom etadi», deya Majidovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri. 

Ko‘proq yangiliklar: