Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye markazi hamda UZDIGITAL TV faoliyati qoniqarsiz deb topildi

O‘zbekiston 20:10 / 15.06.2019 16313

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining navbatdagi kengaytirilgan hay'at majlisida “Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye markazi” DUK hamda “UZDIGITAL TV” MChJ faoliyati qoniqarsiz deb topildi.

Vazirlikning xabar berishicha, hay'at majlisida har ikki korxonaning moliyaviy-xo‘jalik faoliyati va xizmatlar hajmini kengaytirish bo‘yicha amalga oshirayotgan ishlari to‘g‘risidagi masalalar atroflicha ko‘rib chiqildi.

Foto: Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi

Hay'at majlisida “RRTM” DUK tomonidan respublika miqyosida teleradiouzatish tarmog‘ini ekspluatatsiya qilish, texnik vositalar ishlashining barqarorligi va uzluksizligini ta'minlash, xizmatlar sifatini ta'minlash, muammoli holatlar yuzaga kelishining oldini olish bo‘yicha joriy faoliyatida bir qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilayotgani qayd etildi.

Muhokamalar chog‘ida “UZDIGITAL TV” tomonidan raqamli televideniye xizmatlari asosan Toshkent shahri va Toshkent viloyati aholisiga ko‘rsatilishi, qolgan hududlarda abonentlar soni kamligi, “UZDIGITAL TV” MChJ xizmatlari turlarini oshirish hamda abonentlar sonini ko‘paytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, belgilangan vazifalar ijrosini ta'minlashda sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgani ta'kidlandi.

Hay'at majlisining tegishli qaroriga asosan, “RRTM” DUK va “UZDIGITAL TV” MChJ faoliyati qoniqarsiz deb baholandi.

Ma'lum qilinishicha, ish faoliyatida yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun har ikki korxona rahbariyatiga nisbatan intizomiy jazo choralarini qo‘llash hamda lavozimiga loyiqlik masalasini ko‘rib chiqish tavsiya etildi.

Ko‘proq yangiliklar: