Raddiya: Sud ishni arz qilingan talablar doirasida hal qilgan

Jamiyat 16:52 / 15.06.2019 5063

Kun.uz sayti orqali e'lon qilingan «Uzunda buzilayotgan bir xonadon haqida qisqa hikoya: faqatgina tuman hokimligi bu ishni to‘xtatishi mumkin» sarlavhali maqola yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Fuqarolik ishlari bo‘yicha hay'ati o‘z munosabatini bildirdi.

Surxon viloyatining Uzun tumani, Dazira qishlog‘idagi 87-dala konturdagi 0,14 ga yer maydoni fuqaro Xanifa Safarova tomonidan o‘zboshimchalik bilan egallanib, biror hujjjatsiz uy-joy va oshxona qurilgan.

Ushbu qurilgan imoratlar boshqalarning qonuniy huquq va manfaatlariga zarar yetkazayotgani, noqulayliklar tug‘dirayotgani sababli Uzun tuman hokimligi  sudga da'vo ariza bilan murojaat qilib, unda javobgar Xanifa Safarova tomonidan 0,14 ga yer maydonidagi noqonuniy qurilgan uy-joy va oshxona binolarini buzdirish va yer maydonini tuman zaxirasiga qaytarish so‘ralgan.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Sariosiyo tumanlararo sudining 2017 yil 13 iyuldagi hal qiluv qaroriga bilan Uzun tuman hokimligining da'vo talabi qanoatlantirilib, javobgar X.Safarova tomonidan noqonuniy egallangan 0,14 gektar yer uchastkasida qurilgan uy-joyni buzish va yer maydoni tuman hokimligi zaxirasiga qaytarilishi belgilangan.

FIB Surxondaryo viloyat sudi apellyatsiya sudlov hay'atining 2017 yil

2 oktyabrdagi ajrimiga ko‘ra mazkur hal qiluv qarori o‘zgartirishsiz qoldirilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksi 254-moddasiga ko‘ra, sud ishni da'vogar tomonidan arz qilingan talablar doirasida hal qiladi.

Ya'ni sudlar  da'vo talabi doirasida nizoni mazmunan  hal etgan.

Amaldagi yer munosabatlarini tartibga soluvchi qonunchilik talabiga ko‘ra, davlat hokimiyati organlari yer fondidan belgilangan maqsadda va oqilona foydalanish yuzasidan davlat nazoratini olib boradi.

Jismoniy va yuridik shaxslar faqatgina o‘zlariga tegishli tartibda ajratib berilgan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlari vujudga kelgandan so‘nggina unga egalik qilish va qurilish ishlarini amalga oshirishga haqlidirlar.

Aniqlanishicha, javobgar X.Safarova esa Uzun tumani, Dazira qishlog‘idagi 87-dala konturida o‘ziga uy-joy qurish maqsadida ajratilmagan yer uchastkasida, zarur ruxsatnomalarni olmasdan o‘zboshimchalik bilan uy-joy qurib, undan foydalanib kelgan.

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 212-moddasi va Yer Kodeksining 91-moddalariga ko‘ra, o‘ziga tegishli tartibda ajratilmagan va imorat qurish uchun tegishli ruxsatnoma olmasdan qurilgan uy-joy yoki boshqa inshoatlar o‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat hisoblanadi.

O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari ularga g‘ayriqonuniy ravishda egalik qilingan va foydalanilgan vaqtda qilingan sarf-xarajatlar qoplanmagan tarzda tegishliligiga ko‘ra qaytariladi. 

Ishni ko‘rishda, Uzun tuman hokimligining X.Safarova tomonidan qurilgan  qurilish ishlari o‘zboshimchalik bilan amalga oshirilganligi haqidagi vaji to‘liq tasdiqlangan. Shunga ko‘ra, sudda o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratni buzish va yer uchastkasi hokimlik zaxirasiga qaytarish masalasi hal etilgan.

Fuqaro X.Safarovaning uyidan yo‘l o‘tkazish, yer uchastkasi «Suvoqova» korxonasiga tegishliligi yoki boshqa masala hal etilmagan.

Shunga qaramay, sudlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 20 apreldagi «Fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlar hamda o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini e'tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasi o‘tkazish to‘g‘risida»gi Farmonining 4-bandi talabiga binoan X.Safarova va mahalliy davlat hokimiyati organi bilan kelishuv bitimi tuzish choralari ko‘rilgan. Biroq, taraflar rozilik bermagani tufayli X.Safarovaning nizoli uyga mulk huquqini berish masalasi hal etilmagan. 

Jurnalist masalaga fuqaro X.Safarovaning muammosini hal etish nuqtai nazaridan yondashgan bo‘lsa-da, ushbu munosabatning huquqiy tomonini e'tibordan chetda qoldirgan. Zero, qonunchilikda o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkasi va noqonuniy qurilmalarga doir masalani hal etishning o‘zgacha usuli nazarda tutilmagan.

Endi, maqolada yoritilgan masalaning asl mohiyatiga kelsak, aslida fuqaro X.Safarova uy-joyni o‘zboshimchalik bilan qurgani oqibatida mazkur nizo kelib chiqqan. Ya'ni, nizo kelib chiqishiga bosh sababchi X.Safarovaning o‘zi hisoblanadi.

Biroq X.Safarovani aybdor qilish bilan muammo hal bo‘lmaydi. Aksincha, qurilmaga mulk huquqini olish masalasida mahalliy hokimlikka murojaat qilish lozim bo‘ladi.

Jurnalist ish hujjatlari bilan tanishib, masalaning mohiyatini chuqur o‘rganib, mavzuni yoritganida OAVning xolislik va haqqoniylik tamoyiliga zid axborot tarqatilishining oldi olingan bo‘lardi.

O‘zbekiston Respublikassi Oliy sudi

Fuqarolik ishlari bo‘yicha hay'ati

Ko‘proq yangiliklar: