O‘zbekistonda mashhur fransuz aktyori Jyerar Deparde ishtirokida film suratga olinadi

Jamiyat 19:47 / 15.06.2019 9898

O‘zbekistonning tarixiy va madaniy merosi hamda madaniy va pazandalik an'analari haqida mashhur aktyor Jyerar Deparde ishtirokida hujjatli film suratga olayotgan Fransiyaning «B-Tween» prodyuserlik kompaniyasi ijodiy guruhi O‘zbekistonga keladi. Bu haqda «Dunyo» AA xabar berdi.

Mazkur kinokompaniya Fransiya va xorijda kino va filmlar suratga olish bilan shug‘ullanadi.  

O‘zbekistonda Deparde ishtirokida film suratga olish loyihasi O‘zbekistonning Parijdagi elchixonasi va «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK tomonidan Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan.

«Ipak yo‘li» filmi Depardening yana bir aktyor hamrohligida O‘zbekiston bo‘ylab sayohatiga bag‘ishlanadi. Ijodiy guruh Toshkent, Samarqand, Buxoro va boshqa shaharlarda bo‘ladi, arxitektura va madaniy yodgorliklar,o‘zbek hunarmandlarining ishlari va milliy oshxona bilan tanishadi.

Film mualliflari shuningdek, Nukusdagi Igor Savitskiy nomidagi davlat san'at muzeyida ham bo‘lishadi.

Fransiyalik kinoijodkorlar tomoshabinlarga shuningdek, O‘zbekistonning turistik imkoniyatlari haqida hikoya qilishadi. 

Davomiyligi 52 daqiqa bo‘lgan film Fransiya telekanallarida namoyish etiladi. Filmni suratga olish ishlarini sentyabrda boshlash rejalashtirilgan.

Ko‘proq yangiliklar: