O‘zbekiston va Turkmanistonning 2019-2020 yillar uchun qo‘shma loyihalari rejasi ishlab chiqildi

Jamiyat 15:46 / 15.06.2019 7247

2018 yil 23 aprelda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi va Maxtumquli nomidagi Turkmaniston Yoshlar tashkiloti Markaziy Kengashi o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolangandi. Maxtumquli nomidagi Turkmaniston tashkiloti Markaziy Kengashi taklifiga binoan tashkil etilgan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi delegatsiyasining Turkmaniston Respublikasiga 5 kunlik xizmat safari o‘z yakuniga yetdi.

«Uchrashuvlar davomida vakillarimiz Maxtumquli nomidagi Turkmaniston yoshlar tashkiloti Markaziy Kengashi raisi Soltangeldi Bababev bilan har ikki mamlakatda yoshlar siyosati bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar haqida fikr almashdi. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi bilan Maxtumquli nomidagi Turkmaniston yoshlar tashkiloti Markaziy Kengashi o‘rtasida anglashuv Memorandumini amalga tatbiq etish bo‘yicha 2019-2020 yillar uchun qo‘shma loyihalari rejasi ishlab chiqildi.

2020 yil yakuniga qadar O‘zbekiston va Turkmanistonning o‘zaro chegaradosh mintaqalari bo‘lgan «Buxoro-Lebap» va «Xorazm-Dashoguz» viloyatlari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, ikki mamlakat yosh tadbirkorlari uchun o‘quv tashriflarini tashkillashtirish, yosh sportchilar o‘rtasida turli sport musobaqalarini o‘tkazish tashkillashtirish hamda «Avaza» milliy turizm zonasida O‘zbekiston Respublikasi va Turkmaniston bolalari ishtirokida «Do‘stona yo‘llar abadiydir» bolalar festivalini tashkillashtirishga kelishib olindi.

Tashrif yakunida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi delegatsiyasi «Kunyaurgench» davlat madaniy – tarixiy markazi hamda Dashog‘uz viloyati tarix muzeyi, Ashxobod shahridagi Turkmaniston jamoat tashkilotlari markazi hamda Turkmaniston davlat madaniyat markazi muzeyi, Turkmaniston milliy gilamlar muzeyi, Turkmanboshi shahridagi Xalqaro dengiz porti, «Xalk Xakydasy»  yodgorlik kompleksi faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi. Shuningdek, delegatsiyamiz «Talabalar bahori» tadbirlarida ishtirok etib, faol turkman yoshlari bilan muloqot qildi. Turkmaniston ilm-fan kuniga bag‘ishlangan yosh olimlar ko‘rgazmasida turkman yoshlarining iqtidori va erishayotgan yutuqlari alohida e'tirof etildi», deyiladi Yoshlar ittifoqi matbuot xizmati xabarida.

Ko‘proq yangiliklar: