Kelgusida javoblar varaqasi saytda e'lon qilinadi, test ikki marta o‘tkazilishi mumkin - DTM

O‘zbekiston 19:09 / 15.06.2019 24060

Bugun, 15 iyun kuni Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Inomjon Majidov, Davlat test markazi direktori Majid Karimov hamda Ta'lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Hotamjon Ketmonov ishtirokida 2019/2020 o‘quv yiliga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

DTM rahbari Majid Karimov test tizimi bo‘yicha yangiliklar, kelgusi rejalar to‘g‘risida so‘zlab berdi.

– Albatta, test tizimi ham kamchiliklardan xoli emas, shuning uchun ham muntazam takomillashtirib borilmoqda. Biz Turkiya tizimini asos qilib olganmiz, ammo rivojlangan davlatlar tajribasini ham o‘rganib, tatbiq qilib boryapmiz. Bu tizimning afzalliklari inson faktorining minimal darajaga tushirilgani, imkon qadar shaffof o‘tishidadir. Endi rejalashtirilayotgan yangiliklarga kelsak, bu yilning o‘zida javoblar oldingidek A5 formatda emas, A4 formatdagi varaqaga to‘ldiriladi, har bir abituriyent DTM saytida personal kabinet orqali o‘z natijalarini biladi. Kelgusida bu kabinetga javoblar varaqasini ham joylab qo‘yamiz, shunda apellyatsiya bo‘yicha ko‘plab savollarga ham o‘rin qolmaydi.

Shuningdek, kelajakda til-adabiyot yo‘nalishlarida IELTS tizimi singari uslublarni qo‘llamoqchimiz, savollarda mantiqiy fikrlashga e'tiborni kuchaytirmoqchimiz.

Bu borada o‘z fikrini bildirgan Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Inomjon Majidov shunday dedi:

– Kelgusida kechikkan, qaysidir asosli sabablar tufayli testga kela olmaganlar uchun imkoniyat berish masalasini hal qilmoqchimiz. Hatto test sinovlarini ikki marta, oldin topshirganlar uchun bahorda, yangi bitirganlar uchun yozda o‘tkazish ham rejada bor. Faqat buning uchun huquqiy asoslar, mexanizmlar kerak, tizim moslashtirilishi lozim. Asta-sekin amalga oshiriladi bu rejalar. 

Ko‘proq yangiliklar: