Elektr ta'minoti: Innovatsion texnologiyalar jadal joriy etilmoqda

Jamiyat 16:08 / 15.06.2019 6757

Ayni paytda elektr ta'minoti bilan bog‘liq muammolar aholini ko‘p o‘ylantirayotgani bejiz emas. Soha xodimlari shu mavzudagi e'tirozlar va talab-istaklarni inobatga olgan holda kamchiliklarni bartaraf etish yo‘lida qator ishlarni amalga oshirmoqdalar. Xususan, Prezidentning 2018 yil 23 oktyabrdagi «Elektr energetikasi tarmog‘ini jadal rivojlantirish va moliyaviy barqarorligini ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta'minlash maqsadida Farg‘ona vodiysi aholi xonadonlarini Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga (ASKUE) ulash ishlari jadal boshlab yuborildi.

Bunday  hisoblagichlar avvalgilaridan nimasi bilan farq qiladi?

Birinchidan, istemolchilar elektr ta'minoti korxonasi yoki banklar eshigida uzundan-uzun navbatlarda turishmaydi. Elektr hisoblagichlarning ko‘rsatkichlarini suratga olib, Majburiy ijro byurosida (MIB) nimanidir isbotlashga majbur bo‘lishmaydi. «Hisoblagichingiz ko‘rsatkichini yozib olay», deb hech kim bezovta ham qilmaydi.

Ikkinchidan, hisoblagich o‘rnatilgach, tizimga ulanadi, kod kiritilib, hisob raqam ochiladi. Iste'molchilarga SMS-xabar orqali barcha ma'lumotlar avtomatik tarzda yetkazib turiladi. Mobil telefon raqamiga ulanishi to‘lovni uydan chiqmay «on-line» rejimida amalga oshirish imkonini beradi. Eng muhimi, «shaxsiy kabinet» orqali har bir iste'molchi qancha elektr energiyasi sarflaganini kuzatib turish imkoniga ega bo‘ladi.

Uchinchidan, yangi tizimda hisoblagichdagi ma'lumotlarni kompyuter nazorat qiladi. Elektr ta'minoti korxonasi xodimlari uyma-uy yurishga ketadigan vaqtini tarmoqlarning texnik holatini yaxshilashga sarflaydi. Shuningdek, iste'mol qilingan energiya haqidagi ma'lumotlarni yig‘ishda inson omili ta'siri kamayadi.

Ma'lumki, elektr energiyasini omborga joylab, zaxira qilib bo‘lmaydi. Shu bois odatda har bir hudud uchun elektr sarfi taxminiy hisoblanib, «limit» ajratilar edi. Yangi tizimda esa barcha ma'lumotlar aniq ko‘rinib turishi bois ta'minotda cheklov bo‘lmaydi.

Yana bir gap: ma'lumotlarni soxtalashtirishga urinish, ya'ni hisoblagichga ta'sir o‘tkazish holatlari yuzaga kelsa, «aqlli» hisoblagichlar darhol o‘chadi va tizimga xabar jo‘natadi. Shuningdek, energiya to‘lovi to‘lanmagan taqdirda masofadan o‘chish xususiyatiga ham ega. Ular elektr ta'minoti korxonasi tomonidan 10 yilda bir marta qiyoslovdan o‘tkaziladi.

Darvoqe, plastikli hisoblagichi bor iste'molchilarning plastik kartasida qolgan pul mablag‘i yangi hisoblagich uchun ochilgan hisob raqamga tushirib beriladi.

Amaliy ishlar qay darajada?

Farg‘ona vodiysida shu kunlarda amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, birgina Andijon shahrining o‘zida jami 20 mingdan ortiq maishiy iste'molchilarning hisoblagichlari almashtirib bo‘lindi. Shu jumladan, ishlar yakunlangan transformator punktlaridan 8tasida konsentrator qurilmasi o‘rnatilib, sinov ishlari davom ettirilmoqda. Loyiha doirasida «Andijon XETK» AJga mahalliy ishlab chiqarurchi «Elektron hisoblagich» MChJ tomonidan ishlab chiqarilgan 26 000dan ziyod zamonaviy elektr hisoblagichlar yetkazib berildi va hozirda ularni o‘rnatish ishlari olib borilmoqda.

Shuni aytish joizki, «O‘zenergoinspeksiya» Andijon viloyati hududiy bo‘limi tashabbusi bilan «UzDong Yang KO» qo‘shma korxonasining «Industrial» ko‘chasida joylashgan ishlab chiqarish zavodi hududidagi tashqi yoritgichlari uchun 40 dona quyosh panellari o‘rnatildi. Viloyat hokimligining yordami bilan esa elektr energiyasi ta'minoti sifatsiz bo‘lgan 10dan ortiq obektlarga, jumladan Andijon shahridagi «Yakanshik», Buloqboshi tumani Shirmonbuloq qishlog‘idagi «Shirmonbuloq» dafn etish joylariga quvvati 20 vatt bo‘lgan quyosh panellarini o‘rnatish ishlari yakunlandi. Mazkur quyosh panelli elektr yoritgichlarning umumiy ishlash soati 50 ming soatni tashkil etadi. Bundan tashqari, yorug‘lik zaruriyati qisqa muddatli bo‘lgan obektlarga, shuningdek, Marhamat tumani Mingtepa MFYdagi ko‘p qavatli uyning kirish yo‘laklaridagi elektr yoritgichlarga harakat tsensor o‘chirgichlari va 2 dona tashqi yoritish uchun quyosh panellarini o‘rnatish ishlari olib borilmoqda.

Vodiyning boshqa viloyatlarida-chi?

«Shu kungacha Namangan shahrida jami 55 mingdan ziyod maishiy iste'molchilarning hisoblagichlari almashtirildi. Shu jumladan, transformator punktlaridan 29tasida konsentrator qurilmasi o‘rnatilib, sinov ishlari davom ettirilmoqda. «Namangan HETK» AJga mahalliy «Toshelectroapparat» MChJ tomonidan ishlab chiqarilgan 82 000dan ziyod zamonaviy elektr hisoblagichlar yetkazib berildi va hozirda ularni  o‘rnatish ishlari olib borilmoqda.

Farg‘ona shahrida esa ayni paytgacha jami 30 mingdan ortiq maishiy iste'molchilar hisoblagichlari almashtirildi. Transformator punktlaridan 30tasida konsentrator qurilmasi o‘rnatilib, sinab ko‘rilmoqda. «Farg‘ona HETK» AJga mahalliy ishlab chiqaruvchi «Elektron xisoblagich» MChJ tomonidan ishlab chiqarilgan 33 000 dona zamonaviy elektr hisoblagichlar yetkazib berildi va hozirda ular birin-ketin o‘rnatilmoqda.

Alohida ta'kidlash kerakki, ushbu zamonaviy elektr hisoblagichlar iste'molchilarga «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ mablag‘lari evaziga bepul o‘rnatib berilmoqda», – deydi «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ Boshqaruvi raisi Ulug‘bek Mustafoyev.

Tahlillarga ko‘ra, har bir iste'molchiga o‘rnatilayotgan zamonaviy hisoblagich uchun jamiyat mablag‘lari hisobidan o‘rtacha 770 000 so‘m sarflanmoqda va bu har bir iste'molchining shuncha mablag‘ iqtisod qilayotganini ko‘rsatadi. 

«Ayni paytgacha mamlakatimizning 22ta tuman va shaharlarida 691 000dan ziyod zamonaviy elektr hisoblagichlar o‘rnatildi. Yil yakuniga qadar 1,5 milliondan ortiq elektr hisoblagichlar o‘rnatilishi rejalashtirilgan bo‘lsa, 2021 yil yakuniga borib 7 milliondan ortiq iste'molchilarning barchasi ushbu tizimga to‘liq ulanishi ta'minlanadi», – deydi U.Mustafoyev.

O‘ylaymizki, elektr ta'minoti bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish, sohaga yangi innovatsion texnologiyalarni jadal joriy etish yo‘lidagi ezgu ishlar o‘z samarasini beradi va aholining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoji bosqichma-bosqich to‘la qondiriladi.

Ko‘proq yangiliklar: