Davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqa tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom loyihasi e'lon qilindi

O‘zbekiston 23:30 / 15.06.2019 16989

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqa tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom loyihasini tasdiqlash to‘g‘risidagi qarori umumxalq muhokamasiga qo‘yildi.  

Hujjat loyihasiga ko‘ra, davlat budjeti mablag‘laridan ijtimoiy sug‘urta bo‘yicha quyidagi nafaqalar tayinlanadi va to‘lanadi:

- homiladorlik va tug‘ish uchun;

- bola tug‘ilgani uchun;

- qo‘shimcha dam olish kuni uchun;

- dafn etish marosimi uchun.

Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar:

- budjet tashkilotlari tomonidan — mehnat haqi jamg‘armasiga ajratiladigan budjet mablag‘lari doirasida;

- xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar tomonidan — foyda solig‘ini hisoblashda mazkur xarajatlar soliqqa tortiladigan bazadan chiqarib tashlangan holda shaxsiy mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Yuridik shaxs bo‘lmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxslarga hamda dehqon xo‘jaligi a'zolariga nafaqa, agar uni olish huquqi ular tomonidan belgilangan tartibda sug‘urta badalini to‘lash davrida paydo bo‘lsa, beriladi.

Hujjatda aytilishicha, dafn etish marosimi uchun nafaqa vafot etgan shaxsning turmush o‘rtog‘i, ota-onasi, farzandlari yoki boshqa qarindoshlari yoki marhumning qonuniy vakiliga, bunday shaxslar bo‘lmagan taqdirda – dafn marosimini o‘tkazishni zimmasiga olgan shaxsga beriladi.

Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi quyidagi hollarda beriladi:

- vaqtincha mehnat qobiliyatini yo‘qotish bilan bog‘liq kasallikda (shikastlanishda);

- sanatoriy-kurortlarda davolanganda;

- kasallangan oila a'zosini parvarishlash zarur bo‘lganda;

- karantinda;

- sil yoki kasb kasalligi tufayli vaqtincha boshqa ishga o‘tkazilganda;

- mehnat qobiliyatini tiklash yoki yasama a'zo (protez) qo‘ydirish uchun reabilitatsiya muassasalariga yotqizilganda.

Rus tilida joylashtirilgan hujjat loyihasining to‘liq matni bilan bu yerda tanishish mumkin.   

Shuni qayd etish joizki, o‘tgan yili 22 noyabr kuni Adliya vazirligi barcha vazirlik, idora va tashkilotlarga (jami 120 ta) xat chiqarib, O‘zbekistonda «Davlat tili haqida»gi qonun borligini yana bir bor eslatib, bundan keyin muhokama qo‘yilayotgan loyihalarni albatta davlat tilida (ya'ni o‘zbek tilida), zaruriyat tug‘ilganda esa boshqa tillarda portalga joylashtirishni so‘ragandi.

Ko‘proq yangiliklar: