Besh tashabbus doirasida Bo‘ka tumanida yurish va gimnastika ommaviy tadbirlari tashkil etildi

Jamiyat 14:00 / 15.06.2019 2843

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘tkazilayotgan sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va ommalashtirishga qaratilgan ommaviy tadbirlar muntazam ravishda, ko‘tarinki ruhda tashkil etilmoqda.

«Shu o‘rinda qayd etish joizki, Prezidentimiz tashabbusi bilan Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida beshta tashabbusning barchasi mujassamlashganidan aholi juda mamnun. Chunonchi, zamonaviy kutubxona hamda kitob o‘qish uchun sokin joylar, kompyuter o‘yinlari uchun maydonlar, Wi-Fi hududlari tashkil etildi. Yopiq amfiteatr, kafelar qurildi. Universal sport maydonida vorkaut va badantarbiya, mini futbol, badminton, stol tennisi va boshqa sport turlari bilan shug‘ullanish uchun keng sharoit yaratildi. Ushbu majmua har oyda o‘rtacha 6 ming nafar yigit-qizni jalb qilishi mumkin. Sog‘liqni saqlash vazirligi ham ushbu besh tashabbus doirasida izchil amaliy sa'y-harakatlarni boshlab yuborgan.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 1 iyun kuni Toshkent viloyatiga tashriflari davomida berilgan vazifalar ijrosini ta'minlash maqsadida 15 iyun, shanba kuni Bo‘ka tumanida «Sog‘lom hayotga qadam tashla» aksiyasi doirasida «Salomatlik kuni» ommaviy tadbirlari o‘tkazildi. Tumandagi «Bo‘ston» qishlog‘ida ertalabki badantarbiya o‘tkazilib, unda va hududga yaqin qishloqlar aholisi tomonidan stadionda jismoniy tarbiya mashqlari bajarildi, qishloqqa kirish yo‘lagi bo‘ylab 5 kilometr masofaga faol yurish tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Mutaxassislar fikriga ko‘ra, oddiy yurish (haftasiga kamida 8 kilometr yurganda) yurak qon-tomir kasalliklari xavfini 31 foizga va o‘lim xavfini 32 foizga qisqartiradi. Cuyak va mushaklarni mustahkamlaydi, arterial bosimni, qonda xolesterin miqdori tushishiga sabab bo‘ladi, uyquni yaxshilaydi. Har bir qadam energiya sarflanishi, gormonlar ishlab chiqilishi, mushaklardagi qon ta'minoti yaxshilanishi evaziga ularning kislorod bilan boyishi kuchayadi, natijada umumiy holat yaxshilanadi. Gimnastika ham salomatlik uchun foydali bo‘lib, unda yengil gimnastika mashqlari bajariladi. Natijada, mushak tizimi mustahkamlanadi, bo‘g‘imlar harakati yaxshilanadi. Bundan tashqari, kuch, tezlik, chidamlilikni tarbiyalaydi. Sog‘lomlashtiruvchi ta'sir kuchiga ega mashqlar tufayli qomatning tik va to‘g‘ri rivojlanishi ta'minlanadi.

Shuningdek, tumandagi 7-oilaviy poliklinika oldida «Salomatlik maydonchasi» va «Sog‘lom ovqatlanish yarmarkasi» tashkil qilindi. Yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi, sog‘lom ovqatlanish va jismoniy faollikni ahamiyati xaqida ma'lumotlar berildi. Ushbu tadbirlar o‘ziga xos saylga aylanib ketdi.

Bundan tashqari, tuman markaziy stadionida Sog‘liqni saqlash vazirligi va tuman tashkilotlari xodimlari, sport maktablari, kollej o‘quvchilari va aholi ishtirokida gimnastika mashqlari bajarilib, bu yerda ham 5 kilometrga faol yurish amalga oshirildi. Ushbu stadion yonida joylashgan ekoparkda kattalar va bolalar tomonidan velosayr, sport hamda musiqa maktablari o‘quvchilarining badiiy chiqishlari yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.

Yana bir e'tiborli jihati, tumanda joylashgan 15-mehribonlik uyining 127 nafar tarbiyalanuvchisi gimnastika mashqlarini bajarishdi. Shuningdek, tarbiyalanuvchilarning ko‘rgazmali chiqishlari, «Sog‘lom ovqatlanish yarmarkasi», «Biz tamakisiz hayot uchun ovoz beramiz» tadbirlari tashkil etildi. Tuman madaniyat bo‘limining xayriya konserti hamda homiylar tomonidan estalik sovg‘alari ulashilishi tarbiyalanuvchilarni quvonchiga sabab bo‘ldi.

«Sog‘lom hayotga qadam tashla» aksiyasi doirasidagi ommaviy tadbirlar mamlakatimiz bo‘ylab barcha hududlarda aholining faol ishtiroki ta'minlangan holda ko‘tarinki kayfiyatda tashkil etildi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Ko‘proq yangiliklar: