Andijon viloyati hududiy gaz ta'minoti filiali sinov markazlarida oyiga 1500tadan gaz ballonlari sinalmoqda

Jamiyat 10:45 / 15.06.2019 3405

Aholi xonadonlari soni yil sayin ortib bormoqda. Shunga mos ravishda aholining tabiiy va suyultirilgan gazga bo‘lgan ehtiyoji ham ortib borayotgani hech kimga sir emas. Bu boradagi mavjud muammolarni bartaraf etish uchun xonadonlarga gaz ballonlari yetkazib berish yo‘lga qo‘yilgan. 

Bugungi kunda Andijon viloyatida jami 366 698ta suyultirilgan gazdan foydalanuvchi aholi xonadonlari mavjud bo‘lib, bu uylarga 2019 yil uchun jami 45267 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berilishi rejalashtirilgan. Shu kunga qadar 21484,8 tonnasi yetkazib berildi, gaz hajmining qolgan qismi yil oxirigacha to‘liq yetkazib berilishi uchun zarur choralar ko‘rilmoqda. Shuningdek, aholining maishiy gaz ballonlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida 2019 yil uchun jami 30 ming dona maishiy gaz ballonlari yetkazib berilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ayni paytgacha  8 ming donasi xonadonlarga shartnoma asosida kirib bordi. 

Andijon viloyatiga 2018 yilda «O‘ztransgaz» AJ hisobidan viloyat aholisiga qulaylik yaratish maqsadida maishiy gaz ballonlarini sinovdan o‘tkazish markazlari qurilishi rejalashtirilgan edi.

Dasturda belgilanganidek, filial tasarrufidagi «Asaka», «Qo‘rg‘ontepa» va «Shahrixon» gaz to‘ldirish shoxobchalari hududiga maishiy gaz ballonlarini sinovdan o‘tkazish uchun sinov markazlari qurildi. Joriy yilning aprel oyida markazlarga maishiy gaz ballonlarini sinovdan o‘tkazish uchun tegishli jihozlar o‘rnatildi va har bittasi 3 nafardan (jami 9 nafar) malakali ishchi-xodimlar bilan ta'minlandi. Sinov markazlari bir kunda 10 donadan 20 donagacha, ya'ni bir oyda o‘rtacha 500 donadan ortiq maishiy gaz ballonlarini sinovdan o‘tkazish quvvatiga ega.

Ko‘rinib turibdiki, aholining talab va istaklaridan kelib chiqqan holda mavjud xonadonlarni suyultirilgan gaz bilan ta'minlash, gaz ballonlarini uzluksiz yetkazib berish borasida talay ishlar amalga oshirilmoqda. Bunday sa'y-harakatlarni tez orada yangi darajaga olib chiqish uchun barcha imkoniyatlar ishga solinib, tegishli choralar ko‘riladi.

Ko‘proq yangiliklar: