Shanxay hamkorlik tashkilotining 5ta loyihasi O‘zbekistonda o‘tkaziladi

Jamiyat 17:00 / 14.06.2019 8490

Qirg‘izistonning Bishkek shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a'zo mamlakatlar o‘rtasida Yoshlar Kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi delegatsiyasi ham qatnashdi. Xalqaro muloqot maydonida ShHT Yoshlar Kengashining 2018-2019 yillar davomida amalga oshirilgan ishlar yakuni bo‘yicha ma'lumot berilib, 2019-2020 yillarga mo‘ljallangan ish rejasi tasdiqlandi.

Muhokamalar mobaynida Pokiston va Hindiston yoshlarining ShHT Yoshlar Kengashiga qo‘shilishi, ShHT Yoshlar Kengashining davlat rahbarlariga murojaatini ishlab chiqishi, tashkilotga a'zo mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalarni har tomonlama kengaytirish masalalari ham o‘rtaga tashlandi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi delegatsiyasi rahbari Qahramon Quranboyev 2020 yilda ShHTning qishki oromgohini Toshkentda o‘tkazish hamda Xivada ShHTning biznes startapini tashkil etish kabi tashabbuslarni ilgari surib, barchani yoshlar manfaatlari uchun ko‘proq harakat qilishga hamda hamkorlikda bundanda samaraliroq faoliyat yuritishga chorladi.

O‘zbekiston delegatsiyasi Qirg‘iziston Respublikasi Sport va yoshlar vaziri bilan yoshlar masalalari bo‘yicha muloqot qilib, yoshlar turizmini rivojlantirish va ular o‘rtasida ommaviy sportni targ‘ib etishga qaratilgan musobaqalarni birgalikda o‘tkazishga kelishib oldi.

Majlisda ilgari surilgan tashabbuslardan kelib chiqqan holda Shanxay hamkorlik tashkilotining 2019-2020 yillar bo‘yicha 5ta loyihasi O‘zbekistonda o‘tkaziladigan bo‘ldi. 2019 yilning oktabr oyida poytaxtimizda ShHTga a'zo davlatlar o‘rtasida «Startaplar forumi» tashkil etilib, noyabrda PROlogue V xalqaro kinofestivalga ham start beriladi.

Noyabr oyida esa qadimiy va hamisha navqiron Samarqandda ShHT davlatlarining yoshlari o‘rtasida «Do‘stlik uchun!» shiori ostidagi velomarafon bo‘lib o‘tadi. 2020 yilning yanvar oyida ShHT qishki yoshlar oromgohi tashkil etiladi. Bahorning ilk oyida esa Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan havaskor yoshlarning futbol bo‘yicha I chempionati va voleybol bo‘yicha turniri ShHTning O‘zbekistondagi loyihalarini yakunlab beradi.

Ko‘proq yangiliklar: