Ravshan Ermatov O‘FA vitse-prezidenti etib saylandi

Sport 19:14 / 14.06.2019 31703

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezident maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev, O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Rustam Shoabdurahmonov, O‘FA Ijroiya qo‘mitasi a'zolari va boshqa mutasaddi shaxslar ishtirok etishdi. Kun tartibidan quyidagi masalalar o‘rin oldi:

-O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidentlarining yozgan arizalariga asosan o‘z lavozimlaridan ozod etish;
-O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidentlari vazifasini vaqtinchalik bajaruvchi nomzodlarni ko‘rib chiqish;
-O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Prezidenti Ramatov Achilbay Jumaniyazovichning Bosh kotib bo‘yicha bildirgan taklifini ko‘rib chiqish;
-O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov Konferensiyasini chaqirish bo‘yicha taklif tayyorlash.

Kun tartibidagi birinchi masala yuzasidan. O‘FAning amaldagi vitse-prezidentlari Umid Ahmadjonov va Po‘lat Bobojonov o‘z lavozimlaridan muddatdan oldin ozod etish masalasida arizalar kelib tushgan bo‘lib, Ijroqo‘m a'zolari bu arizalarni qanoatlantirish bo‘yicha ovoz berishdi.

O‘FA vitse-prezidentligiga Ijroqo‘m a'zolarining ovozlari bilan FIFA referisi Ravshan Ermatov va IIV vaziri o‘rinbosari Muhiddin Jo‘rayev vaqtincha vazifani bajaruvchi sifatida saylanishdi.

Shuningdek, O‘FA prezidenti Ochilboy Ramatovning taklifiga asosan, amaldagi bosh kotib Sardor Rahmatullayev o‘rniga Avaz Maksumov Ijroiya qo‘mitasi tomonidan tayinlandi.

O‘FA Ijroiya qo‘mitasi qaroriga asosan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov Konferensiyasi joriy yilning 15 iyuliga belgilandi hamda konferensiya kun tartibini shakllantirish Avaz Maksumovga yuklandi.

Ma'lumot uchun, Ravshan Ermatov jahon chempionatlarida 11ta o‘yinda bosh hakam sifatida ishlagan va bu borada rekordchi hisoblanadi. Ermatov 5 marta Osiyoning eng yaxshi hakami bo‘lgan va bir marta «Globe Soccer Awards» talqiniga ko‘ra dunyoning eng yaxshi hakami bo‘lgan. 

Ko‘proq yangiliklar: