Yana bir O‘zbekiston fuqarosi Qozog‘istondagi YTHda halok bo‘ldi

Jamiyat 14:50 / 13.06.2019 13026

11 iyun kuni Aqtobe viloyatidagi Qarabutaq-Aqtobe avtomobil yo‘lida yo‘l-transport hodisasi oqibatida 2002 yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi Diyorbek Qo‘shshayev vafot etdi. Bu haqda O‘zbekistonning Olmaota shahridagi bosh konsulxonasi bergan ma'lumotga tayanib TIV matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, O‘zbekistonning yana bir fuqarosi 1986 yilda tug‘ilgan Doniyor Nishonov jarohat olgan va Aqtobe viloyati Aytekebi tumani “Komsomol” shaharchasidagi markaziy tuman shifoxonasiga joylashtirilgan. Uning sog‘ligining holati o‘rtacha barqaror.

“Bosh konsulxona tomonidan marhum hamyurtimizning qarindoshlariga tegishli konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatilmoqda va vaziyat to‘liq nazoratga olingan”, deyiladi xabarda.

Konsullik-huquqiy departamenti marhumning oila a'zolari va yaqinlariga ta'ziya bildiradi va Qozog‘iston hududida joylashgan fuqarolarimiz zarur vaziyatlarda O‘zbekistonning Nur-Sulton shahridagi elchixonasiga (tel.: +7-717-295-42-52) yoki Olmaota shahridagi bosh konsulxonasiga (tel.: +7-727-291-11-78) murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tadi.

Avvalroq Turkiyaning Istanbul shahrida yo‘l-transport hodisasidan so‘ng 1994 yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi Ozod Rajabboyev kasalxonada vafot etgani xabar qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: